Guliston tumani yoshlari – viloyat chempioni
Guliston tumanidagi Chortoq mahallasida joylashgan 22-sonli umumta’lim maktabida “Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi” uchun sohil voleyboli bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi.
Qum ustida kechgan musobaqada viloyatning tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan uyushmagan yoshlar jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda har bir jamoa o‘zining sport mahorati, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy harakatini namoyon etib, chempionlik uchun bor kuchini safarbar qildi.

Ayniqsa, hal qiluvchi bahslarda ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi, har bir ochko uchun kurashi va o‘yin davomidagi hamjihatligi musobaqaga alohida ruh bag‘ishladi. Yoshlarning sportga qiziqishi va faolligi esa bahslarni yanada qiziqarli qildi.

Yakunda Guliston tumani yoshlaridan tashkil topgan jamoa barcha raqiblarini mag‘lub etib, viloyat chempioni nomini qo‘lga kiritdi. Sayxunobod tumani jamoasi ikkinchi, Sirdaryo tumani yoshlari esa uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Farrux Haydarov, Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev, mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning ahamiyati ta’kidlandi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda munosib mukofotlar topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri