Guldana Avezdurdiyeva: O‘zbekiston – taqdirim, kelajagim va farzandlarimning ertasi bilan bog‘liq muqaddas zamin
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Qadimdan jannatmonand diyorimizda turli millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelishgan. Bugun ham mamlakatimizda o‘zbeklar bilan bir qatorda rus, qozoq, tojik, qoraqalpoq, tatar, koreys, qirg‘iz, turkman, ukrain, ozarbayjon singari ko‘plab millat vakillari istiqomat qilib kelmoqda. Ularning har biri yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga munosib hissa qo‘shib kelayotir.
Qayd etish kerakki, turli millat vakillarining bir o‘lkada ahil-inoq yashashi – katta boylik. Chunki millatlar xilma-xilligi jamiyatni yanada rang-barang va boy qiladi. Bir-birining tili, madaniyati va an’analarini hurmat qilgan insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik mustahkamlanadi.
Ming yillar mobaynida o‘zbek va turkman xalqlari mislsiz boy madaniy va ilmiy merosni, an’analarni asrab-avaylab kelayotgan xalqlar hisoblanadi. Ikki elning mustahkam do‘stligi, hamjihatligi va madaniy yaqinligi ramzi sifatida Toshkent shahrida turkman mumtoz adabiyot namoyandasi Maxtumquli Firog‘iy nomidagi farovon ko‘cha boshida uning timsoli tushirilgan barelef va “Ashxobod” bog‘i ochildi, O‘zbek–turkman do‘stlik uyi muassasasi va Xorazm viloyatida “Ulli hovli” majmuasi ishga tushirildi. O‘z navbatida, Turkmaniston poytaxtida ham Alisher Navoiy ko‘chasi ochildi, Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘i barpo etildi.
Mamlakatimizda 200 mingdan ortiq turkman millati vakillari yashaydi. Binobarin, ularning hayoti va faoliyati davlatimizning turli sohalari bilan chambarchas bog‘liq. Ular orasida fan doktorlari, professorlar, oliy toifali shifokorlar, o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, tadbirkorlar, sportchilar va o‘z kasbining mohir ustalari bor.
Ana shunday insonlarlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Turman milliy madaniyat markazi raisi Guldana Avezdurdiyevadir. Guldana opa hayoti, mehnat faoliyatini yurtimiz ravnaqi, yoshlar tarbiyasi va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga bag‘ishlamoqda.
– Ko‘p yillik ish faoliyatimdan kelib chiqib, ishonch bilan ayta olamanki, so‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil davomida yurtimizda turli xalqlar vakillariga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning milliy qadriyatlarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun berilayotgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi, - deydi G.Avezdurdiyeva. – Bu o‘zgarishlarni chetdan kuzatganim yo‘q, aksincha, ularni bevosita o‘z faoliyatim davomida his qilib kelyapman. Bir vaqtlar markazimizning birgina muhri ham uyimizda saqlanar edi. Bugun esa milliy madaniy markazlar uchun alohida xonalar ajratilgan, ularning faoliyatini samarali tashkil etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bu biz uchun oddiy maishiy o‘zgarish emas, balki mamlakatimizda milliy madaniyat va jamoat tashkilotlariga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarganining yorqin dalilidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 22 ta milliy madaniy markaz uchun Do‘stlik pavilonlari barpo etildi. Viloyatlarda milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Do‘stlik uylari tashkil qilindi. Milliy an’analarni rivojlantirish, madaniy tadbirlarni o‘tkazish va yoshlarni ezgu qadriyatlar ruhida tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
Eng muhimi, bu sharoitlarning aksariyati so‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil ichida yaratildi. Shu qisqa davrda amalga oshirilgan ishlar yurtimizdagi o‘zgarishlarning ko‘lami va mazmunini teran anglatadi.
– Hayot yo‘lim ham bu jarayonning bir misoli bo‘la oladi, - deya so‘zida davom etdi Guldana opa. – Bir vaqtlar kichik bir milliy madaniy markaz raisi sifatida faoliyat boshlagan bo‘lsam, bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida Vatanimizga xizmat qilib kelyapman. Buni men faqat shaxsiy mehnatimning natijasi deb emas, balki mamlakatimizda har bir insonga o‘z qobiliyati, bilimi va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning samarasi sifatida qabul qilaman. Bu men uchun katta sharaf. Shu bilan birga, ulkan mas’uliyat hamdir. Chunki xalq vakili sifatida mening vazifam jamiyatimizdagi turli qatlamlarning fikri va manfaatlarini ifoda etish, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdan iborat. O‘zbekiston men uchun nafaqat yashab, mehnat qilayotgan zamin, balki taqdirim, kelajagim va farzandlarimning ertasi bilan bog‘liq muqaddas go‘shadir. Turkman millati vakili sifatida o‘z tilim, madaniyatim va an’analarimni asrab-avaylash bilan birga, umumiy o‘lkamiz ravnaqi uchun xizmat qilishni yuksak burch deb bilaman.
Albatta, Guldana opaning mehnatlari munosib e’tirof etildi, qadrlandi. U “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni, “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni va “Xalq diplomati” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Guldana opa ta’kidlaganidek, aslida, yurtimizdagi tinchlik va hamjihatlikning eng katta kuchi ham ana shunda. Biz turli tillarda so‘zlashishimiz, turfa madaniy an’analarga ega bo‘lishimiz mumkin, ammo Vatanimiz bitta, orzu-maqsadlarimiz mushtarak. Farzandlarimizga tinch, farovon va osoyishta hayot qoldirish istagi esa barchamizni birlashtiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, millatlararo totuvlikni faqat davlat siyosati yoki rasmiy tadbirlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. U odamlarning kundalik munosabatida, bir-birini hurmat qilishida, quvonch va tashvishlarga sherik bo‘lishida, farzandlarni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda namoyon bo‘ladi.
– Insonga imkoniyat berilsa, uning millati, tili va kelib chiqishidan qat’i nazar, u o‘z salohiyatini namoyon eta oladi va yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi, - deydi Guldana opa. – Ishonamanki, diyorimizdagi do‘stlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhiti bundan keyin ham yanada mustahkamlanib boraveradi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat ana shu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Har bir xalqning tarixi, tili, madaniyati va milliy an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish jamiyatimizda o‘zaro ishonch muhitini kuchaytirmoqda.
Milliy madaniy markazlar ham bu jarayonda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarmoqda, deyish mumkin. Ular bir tomondan o‘z milliy merosini asrasa, ikkinchi tomondan turli madaniyatlar o‘rtasida muloqot va yaqinlikni ta’minlaydi. Bir millatning qo‘shig‘i boshqa xalq vakiliga ham quvonch bag‘ishlaydi, milliy raqslar, urf-odatlar va an’analar esa xalqlarni yanada yaqinlashtiradi.
Umuman olganda, dunyoda tinchlik va barqarorlikka ehtiyoj kuchayib borayotgan bir paytda turli xalqlarni bir yurtda ahil-inoq yashashga birlashtira oladigan muhitning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Respublikamizning bu boradagi tajribasi ham katta ahamiyatga ega. Bugun Yangi O‘zbekistonning jahon maydonida o‘z ovozi bor. Bu ovoz tinchlik, do‘stlik, hamkorlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ifoda etmoqda. Bu ovoz inson qadri, uning huquq va manfaatlariga hurmat bilan yondashishga asoslangan siyosatning ifodasidir. Zero, turli til va madaniyatlarga ega insonlarni bir Vatan atrofida birlashtira olgan, har bir xalqning milliy qadriyatlariga hurmat bilan qaraydigan va barcha uchun teng imkoniyat yaratayotgan O‘zbekistonning bu o‘ziga xos tajribasi — mamlakatimizning katta ma’naviy boyligidir.
Millatlararo totuvlik – yurtimiz tinchligi va barqarorligining mustahkam tayanchi, xalqlar do‘stligining beqiyos ifodasi va Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga namoyon etayotgan o‘ziga xos xalqaro brendidir.
Go‘zal Sattorova, O‘zA