“Green University” xalqaro iqlim tanlovi g‘olibi bo‘ldi
Armaniston poytaxti Yerevan shahrida bo‘lib o‘tgan “Yashil Yevroosiyo” xalqaro iqlim tanlovida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) sovrindor bo‘ldi. Universitet tanlovning “Iqlim sohasida ma’rifat va ta’lim” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi. Tanlov Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
–Tanlovdagi g‘alaba butun Markaziy Osiyo mintaqasini atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi sohasida yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashda o‘ziga xos ahamiyatga ega, – deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Shuni alohida qayd etishim lozimki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Green University”da Markaziy Osiyo mintaqasidagi dolzarb ekologik muammolar, xususan, iqlim muammolari yechimini topishga katta e’tibor qaratilmoqda.
– Har bir hamjamiyat birgalikda ishlashi, bilim almashishi, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va iqtisodiyotga real qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yechimlarni joriy etishi kerak, – deydi BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ijrochi kotibi Saymon Stil yo‘llagan videomurojaatida. – “Yashil Yevroosiyo” sovrini laureatlari aynan shu tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ular yanada katta ta’sirga erishishga xizmat qiladigan o‘zgarishlarni taklif qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi sizning faoliyatingizni, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga a’zo davlatlarning global iqlim kun tartibiga qo‘shgan hissasini olqishlaydi. O‘rnak bo‘lganingiz uchun rahmat. Buning sharofati bilan biz yanada barqaror va farovon dunyo sari intilyapmiz. Joriy yilda tanlovga 12 mamlakatdan 300 dan ortiq ariza kelib tushgan. O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Eron, Misr va Indoneziyadan iqlim bo‘yicha 57 ta eng yaxshi loyiha nominatsiya bo‘yicha g‘olib va finalchilarga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “Green University” yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirish, jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qo‘llaniladigan ilg‘or ta’lim dasturlari, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish, ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilish, xorijiy, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek O‘zbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtiruvchi samarali platforma yaratishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA