Grant mablag‘i evaziga suv tanqisligi bartaraf etildi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondiga viloyatning Shofirkon tumani “Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan “Mahallamizni yashil makonga aylantiraylik” loyihasi taqdim etildi.
Mazkur loyiha “Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududini kesib o‘tuvchi Shimoliy Shofirkon ochiq zovurida suv nasosi o‘rnatish, shu orqali dala-dehqonchilik ishlarida, ayniqsa, mavsum jarayonida suv tanqisligini bartaraf etib, aholi va fermer xo‘jaliklari yerlaridan ko‘zlangan hosilni olish, tomorqa yerlarida meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda hosildorlik va samaradorlikni oshirish, aholining turmush darajasi hamda farovonligini yuksaltirish, ularni kambag‘allikdan chiqarish, hududni yashillikka burkab, cho‘llanishning oldi olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

“Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini Shofirkon tumani markazidan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan. 594 ta xonadon, 751 ta oiladan iborat mahallada 3 ming 129 kishi istiqomat qiladi. Geografik jihatdan viloyatning shimoli Qizilqum cho‘lining pastki qismi Jilvon etagida joylashgan. Hudud yozning jaziramasini, garmselini, qishda esa kuchli izg‘irinni birinchi bo‘lib qarshilaydi. Tuprog‘i cho‘llanishga moyil qum va shag‘aldan iborat. Dala-dehqonchilik ishlarida ayniqsa, mavsum jarayonida suv tanqisligi sezilib, aholi va fermer xo‘jaliklari yerlaridan ko‘zlangan hosilni yetishtirishda muammolar mavjud. Hududda doimiy ravishda chang va tuz bo‘ronlari sodir bo‘ladi. Suv tanqisligi sababli aholi tomorqa yerlarida meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish qiyinchilik tug‘diradi.

Bu kabi muammolar ayniqsa, Yangi Jilvon qishlog‘ining Fayziobod va Zahkashbo‘yi ko‘chalarida istiqomat qilayotgan 80 dan ortiq oilalarning 30 gektar, shuningdek, “Suxrob Soliyevich”, “Jilvon jamoli”, “Sa’dullo O‘rin” kabi fermer xo‘jaliklarining 50 gektarga yaqin yer maydonlarini sug‘orishda yaqqol seziladi. Bu hudud “Jilvon” kanali, Guliston arig‘i (7 km)dan suv ichishi kerak, biroq 15-20 yildan buyon suv yetib kelmaydi. Natijada mevali va manzarali daraxtlar qurib, chorva ozuqa ekinlari ham jiddiy talofot ko‘rmoqda.
Qiymati 60 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha komissiya tomonidan g‘olib deb topildi. Fond mablag‘lari evaziga Shimoliy Shofirkon ochiq zovurida suv nasosi o‘rnatildi. Natijada suv tanqisligi bartaraf etildi.
Zarif Komilov, O‘zA