G‘ozg‘on marmari dunyoga yuz tutmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Navoiy viloyatidagi shahar maqomiga ega bo‘lgan G‘ozg‘on hududidan qazib olinayotgan marmar toshlar shuhrati butun dunyoga mashhur. G‘ozg‘on marmaridan poytaxtimizdagi qator metro bekatlarini bezatishda, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz shaharlaridagi bino va maqbaralarda, shuningdek, Hindistondagi Tojmahal ansamblida, Moskvadagi muzeylar, Vetnamdagi Xo Shi Min mavzoleyida foydalanilganligini yaxshi bilamiz.
Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘on shahrida bo‘lib, hududdagi marmar va granit konlari negizida tabiiy toshlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, bu boradagi ishlarni klaster tizimi orqali amalga oshirish vazifasini qo‘ygan edi. Ayni paytda vazifalar ijrosi doirasida yirik korxona – “Marmarobod” korxonasi faoliyat olib bormoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan “NBU GAZGAN INVEST” MCHJ direktori Otabek Qurbonovning ta’kidlashicha, bugungi kunda mahalliy tadbirkorlar uchun 8 ta ishlab chiqarish binosi qurilgan bo‘lib, har birining umumiy qiymati 1 milliard 370 million so‘mni tashkil etadi. Binolar qurilishi uchun sarf etilgan mablag‘ni tadbirkorlar 7 yil davomida qaytarish imkoniyatiga ega. Ayni paytda bu yerda korxonalarning ikkitasi o‘z faoliyatini boshlagan, uchinchisi esa ishga tushirishga tayyorlanmoqda.
[gallery-4518]
Hududda “EDIFICE AASPIRI” korxonasi hindistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan
– Korxonamizda mahalliy xomashyodan turli hajmdagi tayyor marmar plitalar ishlab chiqaramiz, – deydi korxona asoschisi Sandjay Bxan. – Bu yerga kelishdan oldin butun O‘zbekiston hududini aylanib chiqdim. Shu hududda birlamchi xomashyoning ko‘pligini bilib, zavod ochishga qaror qildim. Karer ham sotib oldim. Maqsadim, dunyoning turli davlatlariga marmar plitalarini eksportga yo‘naltirish. Hozirdan Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklaridan buyurtmalar kelib tushgan. Shuningdek, bir qator hamkorlarim Toshkent shahrida besh yulduzli mehmonxona qurmoqda. Ular bilan ham kelishuvimiz bor.
Klaster tarkibiga kiruvchi “Dilshodbek stone” korxonasiga “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 100 million so‘m miqdorida kredit berilgan.
– Korxonamiz joriy yilning may oyida ishga tushdi, – deydi korxona rahbari Hamid Narziyev. – Natijada 20 ta ish o‘rni yaratildi. Korxonamizda yiliga 10 ming kvadrat metr marmar plitalari va qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimizni eksportga ham yo‘naltirmoqdamiz. Hozirda Qozog‘istonga 70 ming, Tojikistonga 40 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Ayni paytda klaster tarkibida bank xizmatlari, servis va o‘quv markazlari, ehtiyot qismlar va stanoklar do‘koni tashkil etilgan.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA