G‘ozg‘on eng rivojlangan hududga aylanadi
G‘ozg‘on shahri Navoiy viloyatida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan eng kenja hudud sanaladi. Shahar maqomi berilib tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga bir yil bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida O‘zA muxbiri shahar hokimi Azim Bazarov bilan suhbatlashdi.
– G‘ozg‘on shahrining investitsiya salohiyati boshqa tuman va shaharlarga qaraganda ancha yuqori. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Shahardagi 4 ta mahallada 8 ming 834 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi Azim Bazarov. – 2 ta mahalla chorvachilikka, 2 tasi kichik ishlab chiqarish, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan. Shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2021 yilda umumiy qiymati 195 milliard so‘mlik 52 ta loyiha ishga tushirildi. Bu 329 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Prezidentimizning 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘on shahrida tabiiy toshlarni qazish va qayta ishlash bo‘yicha bergan topshirig‘iga asosan, bank ko‘magida 37 gektar yer maydonida mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda yirik klaster loyihasi amalga oshirilmoqda. 2020-2022 yillar uchun mahalliy tadbirkor va xorijiy investorlar ishtirokida qiymati 56,4 million dollar bo‘lgan 17 ta loyiha ishlab chiqildi.Shu kungacha mazkur loyihalarning 11 tasi ishga tushirildi. Barcha loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 635 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, 2021 yil yanvar-sentyabr oylarida 1 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishni rejalashtirgan edik. Amalda esa bu ko‘rsatkich 2,9 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratganmiz. Bu yo‘nalishda 838,6 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
– Hududda tadbirkorlik su’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– bugungi kunda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari – 247 ta va yakka tartibdagi tadbirkorlar – 51 tani tashkil etadi. 2021 yilning o‘tgan davrida 111 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi. Aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dastur doirasida 2021 yil 1 oktyabr holatiga 328 ta aholi va tadbirkorlarga jami 7 milliard 212,1 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
[gallery-4703]
Jumladan, "Har bir oila tadbirkor" dasturi doirasida 5 milliard 096,1 million so‘m, "Yoshlar kelajagimiz" dasturi doirasida 269,3 million so‘m, Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1 milliard 459 million so‘m, Mahalliy hokimliklar huzuridagi jamg‘armalar hisobidan 230 million so‘m va Hunarmandchilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 157,6 million so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
– Shaharda aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalsangiz?
– bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ishsizlikni kamaytirish va aholi bandligini ta’minlashdir. G‘ozg‘on shahrida doimiy yashovchi aholi 8,8 ming nafarni, mehnat resurslari 3 ming 895 nafarni, shundan, iqtisodiy faol aholi 2 028 nafar (ish bilan bandlar 1 850 nafarni, mehnatga muhtoj ishsizlar 178 nafarni yoki 8,8 foiz)ni tashkil etadi.
Aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 76 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, 2021 yilda shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga ishga joylashtirishda yordam so‘rab 588 nafar shaxs murojaat qilgan bo‘lib, ularning 201 nafarini yoshlar, 329 nafarini esa ayollar tashkil etgan.
Murojaat qilganlarning 260 nafari ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 225 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, 150 nafari kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilib, 194 nafar shaxsga esa ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
Shuningdek, o‘tgan yilda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 118,7 million so‘mlik subsidiyalar berildi, natijada jami 27 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, 50 nafar ishsiz xotin-qiz hunarmandchilik yo‘nalishida tashkil etilgan kooperativga jalb etilib, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 122,5 million so‘m subsidiyalar ajratildi.
Shaharda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida fuqarolarni norasmiy band qilib, mehnat haqi to‘layotgan tadbirkorlik sub’ektlarini aniqlash, ularning faoliyati va tegishli ishchi-xodimlarini legallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar begilanib, amalda 300 ta norasmiy ish o‘rni legallashtirildi. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan norasmiy band bo‘lgan 283 fuqaroning o‘zini-o‘zi bandligi ta’minlandi.
– Shaharda kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni mazkur toifadan chiqarish borasida qanday chora-tadbirlar belgilangan?
– Sektorlarda faoliyat yuritayotgan “kambag‘alchilikni qisqartirish shtabi” a’zolari, deputatlar hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan birgalikda shahar hududida kambag‘al, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti o‘rganilib, 64 ta oila “Temir daftar”ga kiritildi. “Temir daftar”dagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 52 ta oilaga 29,4 million so‘m bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
bugungi kungacha, ishga muhtoj fuqaroning 29 nafariga 3,1 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lsa, 6 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etildi, 35 nafar fuqaro tomorqa yerlarida o‘zini o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, G‘ozg‘on shahrida servis va xizmat ko‘rsatish sohasida 22 ta korxona va 53 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularda 105 nafar aholining ish bilan bandligi ta’minlangan. Hududda xizmatlar hajmi 2021 yilning 9 oyida 25 milliard so‘mni, aholi jon boshiga xizmatlar hajmi 3 million so‘mni tashkil etmoqda.
O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi.
Siroj Aslonov (surat).