G‘o‘za defoliatsiyasi yakunlandi
Surxondaryo viloyatida paxta yetishtirilgan maydonlarda g‘o‘zaning bargini suniy to‘ktirish nihoyasiga yetkazildi.
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, suv taqchil bo‘lgan bu yilgi sharoitda yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatda yig‘ib-terib olish uchun 281 ta OVX purkagichi jalb etilib, g‘o‘za defoliatsiyasi tez va sifatli amalga oshirildi.
Joriy yilda voha paxtakorlari 72 ming 370 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, salmoqli hosil to‘pladi. Mavjud maydonlarning 63 ming 350 gektarida g‘o‘za bargi suniy to‘ktirildi.
– Urug‘lik hosildan tashqari barcha g‘o‘za maydonlari defoliatsiya qilindi, – deydi Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Davron Tangirov.– Muhim bu tadbirni sifatli o‘tkazishda tajribali agronom-entomologlar va karantin agronom nazoratchilari qo‘llanilayotgan defoliant dorilarning sepilishi bo‘yicha kunlik monitoring kuzatuv ishlarini olib bordi. Bu jarayonda defoliant preparatlar samaradorligi g‘o‘za maydonlarining namligi 70-75 foiz bo‘lganda yuqori natijalarga erishilgani aniqlandi. Shuningdek, o‘simlik suvdan chanqatilgan joylarda yoki namlik 30-40 foiz bo‘lgan maydonlarda ilmiy taqdiqotlar natijasiga ko‘ra, defoliantlar ta’siri 15-20 kunga cho‘zilgani qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi mavsumda paxtachilik klasterlari 30 ming 704 gektar maydonda “Super XMD”, 10 ming 500 gektarda “Xim ekstra”, 11 ming 800 gektar maydonda “Avguron-Ekstra”, 7 ming 629 gektar yerda “Suyuq SXMD” hamda 2 ming 717 gektarda “Ento Defol” defoliantlaridan foydalangan.
Mutaxassislarning fikricha, defoliatsiya o‘tkazishda hududlarning iqlim sharoiti, g‘o‘za navlarining biologik holati, tuproq namligiga qo‘llaniladigan kimyoviy preparatlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Tashqi va inson tomonidan bajariladigan omillar natijasida defoliantlarning samaradorligini oshirish yoki uning sifatini pasaytirish mumkin. Defoliatsiya tadbiri aynan g‘o‘zaning pishish fazasida bajarilib, barglarni sun’iy to‘ktirish evaziga ko‘saklar ochilishini tezlashtiradi. Pishib yetilgan hosilning belgilangan muddatda sifatli yig‘ib olinishi almashlab ekiladigan maydonlarda kuzgi don sepish yumushlarini o‘z vaqtida bajarishga qulay imkoniyat yaratadi.
Viloyatda paxta yig‘im-terimi qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA