Go‘sht narxini arzonlashtirish tartibi ma’lum qilindi
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida oziq-ovqat tovarlari narxlari o‘rtacha 10 foizga qimmatlashib, umumiy inflyatsiya darajasiga nisbatan yuqori bo‘ldi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahri (13,2 foiz) va Jizzax viloyatida (11 foiz) oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi yurtimiz bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichdan yuqoriroq bo‘ldi. Surxondaryo viloyati (7,7 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,8 foiz) bo‘lib nisbatan pastroq darajani qayd etdi
Ushbu davrda oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida go‘sht va yog‘-moy mahsulotlari, guruch, shakar, tuxum, sabzavotlar, xususan, kartoshka hamda sabzi narxi sezilarli darajada qimmatlashdi.
Go‘sht mahsulotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, dastlabki 10 oyda uning narxi o‘rtacha 15 foizga, shundan, mol go‘shti 18,2 va qo‘y go‘shti 22,1 foizga qimmatlashdi. Bunda esa avgust oyining ikkinchi yarmidan karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida kechikkan talabning yuzaga chiqishi sabab bo‘ldi. Ya’ni umumiy ovqatlanish sohasi faoliyatining tiklanishi, aholi orasida to‘y va boshqa marosimlar o‘tkazilishiga ruxsat berilishi hamda chorva ozuqasining qimmatlashishi ushbu mahsulotlar narxlariga oshiruvchi bosimni yuzaga keltirdi.
Qayd etish kerakki, joriy yil oktyabr oyida birja savdolariga qo‘yilgan sheluxa yil boshiga nisbatan 36,5 foizga ya’ni 1ming 612 so‘mdan 2 ming 200 so‘mgacha oshgan. Shunga mos ravishda paxta shroti narxi esa 16,4 foizga ya’ni 2 ming 750 so‘mdan Z ming 200 so‘mgacha qimmatlashdi.
Go‘sht mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirishda asosiy e’tibor go‘sht taklifini oshirish, xususan, yirik chorvachilik fermalarini tashkil etish, chorva ozuqasini arzonlashtirish hamda go‘sht mahsulotlari importida raqobat sharoitlarini yaxshilash va xarajatlarni kamaytirishga qaratilishi lozim.