G‘oliblar uylariga velosipedda qaytishdi
Toshkentdagi O‘zbekiston badminton federatsiyasi majmuasida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida badminton musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan musobaqa jurnalistlar va sohada xizmat qilayotgan xodimlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularni jismoniy faollikka chaqirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Murosasiz bellashuvlarga Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov o‘rtasidagi ramziy o‘yin bilan start berildi.
– Jurnalistlar o‘rtasidagi bu galgi bahslarning oldingilardan farqli jihati, unda ishtirokchilar yosh toifasi bo‘yicha bellashishdi. Ya’ni 40 yoshgacha bo‘lgan va undan katta yoshlilar. Bu esa musobaqaning har jihatdan adolatli va shaffof o‘tishini ta’minladi, – deydi Turizm va sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarina Abdullayeva.
Televideniye, radio, gazeta, axborot agentligi, internet jurnalistikasi, turli korxona-tashkilotlarning matbuot xizmati vakillarining 70 nafarga yaqini “Yangi yilga sport bilan!” shiori ostida tashkil etilgan musobaqada o‘z omadini sinab ko‘rishdi.
Qiziqarli va do‘stona o‘tgan bahslarda M.Ermatova, H.Mannapova, S.Niyozov va B.Maqsudov yakkalik bahslarda g‘olib chiqqan bo‘lsa, A.Murodjonov/M.Ermatova juftlik musobaqalarida bosh sovringa ega chiqishdi.
E’tiborlisi, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan jurnalist va soha xodimlari musobaqani sovrin – vilosapidda tark etadigan bo‘lishdi.
Bundan tashqari g‘olib va sovrindorlar medal, diplom hamda sport anjomlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, yakkalik bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga Yangi yil sovg‘asi – “Tibet” dam olish maskaniga oilaviy dam olish uchun vaucherlar taqdim etildi.
Muhimi, soha xodimlarining bir kuni salomatlik mashg‘ulotlariga bag‘ishlandi, sog‘liklari mustahkamlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA