G‘oliblar universitet mablag‘i hisobidan o‘qitiladi
Buxoro davlat universiteti, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha fan olimpiadalarining birinchi bosqichi yakunlandi.
Fan olimpiadasida ishtirok etish uchun viloyat umumta’lim maktablaridan 1 ming 676 nafar bitiruvchi yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi.
– Bu olimpiada men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, – deydi Shofirkon tumani 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Dostonbek G‘ofurov. – O‘z bilimimni sinash, o‘qishga topshirishdan oldin salohiyatimni aniqlab olish niyatida edim. Tengdoshlarim bilan olimpiadaga kirishdan oldin biroz suhbatlashdim. Ularning salohiyatini bilgim keldi. Yozma ish va laboratoriya mashg‘uloti yozgach, bilimimdan biroz qoniqdim. Natijalar ijobiy chiqishiga umidim katta.
[gallery-6761]
– O‘tgan yillardan beri qizg‘in kutilayotgan ushbu fan olimpiadasi ko‘pgina fanlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli, – deydi universitetning Iqtidorli talabalar ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Umida Xoliqova. – O‘tgan yilda o‘tkazilgan matematika fani olimpiadasida 3 nafar g‘oliblar universitet mablag‘i hisobidan o‘qishga qabul qilish tavsiyasini qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda ham ushbu xayrli an’ana davom etadi. Yuqori saviyada tashkil etilgan fan olimpiadasining birinchi bosqichida yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar 2-bosqichga tavsiya etiladi. Fan olimpiadasining 2-bosqichi joriy yilning 24 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA