G‘oliblar munosib kutib olindi
Yaqinda Samarqand viloyatida kasb-hunar maktablari va umumta’lim maktablari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi - 2026” musobaqasining O‘zbekiston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etgan Nukus shahri 1-sonli texnikumning “Jayhun” jamoasi tengdoshlari orasida alohida tayyorgarligi bilan ajralib turdi va faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani 17-sonli umumta’lim maktabi bilan birga Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabi jamoasi ham tengsiz deb topildi.

Nukus temir yo‘l vokzalida chempionlarni kutib olishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov ishtirok etib, g‘olib jamoalar a’zolarini erishgan yuqori natijasi bilan tabrikladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan jamoalar yong‘in o‘chirish estafetasi, arqon yordamida balandlikka ko‘tarilish, dor yo‘lidan o‘tish va chodir tiklash, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda sohaga oid savol-javob shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashib, o‘zlarining favqulodda vaziyatlarda qanday tezkorlik bilan harakat qilishlarini ko‘rsatdi. Chempionlar esa o‘z tengdoshlari orasida eng yuqori natija ko‘rsatib, musobaqa kubogini Nukus shahriga olib keldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri