Go‘zallik va shijoat bahsi
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turniri yakunlandi.
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turniri yakunlandi.13-15-may kunlari poytaxtimizdagi Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi tomonidan Xalqaro gimnastika federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan go‘zallik va nafosat bayramida O‘zbekiston, AQSh, Belarus, Janubiy Koreya, Ispaniya, Isroil, Malayziya, Polsha, Rossiya, Xitoy, Estoniya, Yaponiya, Qozog‘iston, Armaniston kabi davlatlardan 100 dan ortiq gimnastikachi g‘oliblik uchun bahslashdi.
Mazkur musobaqalarda gimnastikachilar yakkalik va guruh bahslarida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Aksariyat gimnastikachi qizlarning halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarish bo‘yicha mahorati muxlisu mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Gimnastikachi qizlarning chiqishlari, gilamdagi yengil, chaqqon va nozik harakatlari tomoshabinlarga zavq bag‘ishladi. Ushbu musobaqalar sport, ayniqsa, badiiy gimnastika nafaqat jismoniy, balki ma’naviy go‘zallikni shakllantirish, shaxsni tarbiyalashning muhim asoslaridan biri ekanini yana bir karra isbotladi.
Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirishga, bolalar, ayniqsa, qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yurtimizda barcha sport turlari qatori badiiy gimnastika ham qizlarimiz o‘rtasida jadal ommalashdi. Buning natijasida iste’dodli gimnastikachilar yetishib, ular yirik xalqaro musobaqalar va turnirlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Bu poytaxtimizda o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi va "Happy Caravan" xalqaro turnirida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Jahon kubogi bosqichining alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha shaxsiy bahslarda sportchimizlarimiz Anastasiya Serdyukova to‘p va tasmada mashq bajarishda ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Yelizaveta Nazarenkova bulavada mashq bajarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Happy Caravan” xalqaro turnirida ishtirok etgan yosh sportchilarimiz ham o‘z mahorat va iste’dodini munosib namoyish qildi. Shaxsiy bahslarda Nuriniso Usmonovaning arg‘amchi, halqa va to‘p bilan bajargan mashqlari uchta bronza medalga loyiq topildi. Yana bir gimnastikachimiz Milana Tyan bulavada mashq bajarishda bronza medal bilan taqdirlandi.
– O‘zbekistonda badiiy gimnastikani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasini ushbu xalqaro turnir misolida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekiston gimnastika maktabidan o‘rganadigan jihatlar ko‘p, – deydi yaponiyalik gimnastikachi Sumiri Kita.
Ushbu musobaqalarda ko‘plab yangi nomlar kashf etildi.