Globallashuv jarayonida islomni tushunish masalalari
Mafkuraviy immunitetni shakllantirish – barkamol avlod tarbiyasining muhim omili sanaladi. Ayniqsa, tezkor axborot asrida dinni niqob qilib olgan siyosiy kuchlar, missionerlik, ekstremistik, terroristik mazmundagi g‘oyalar uchun yo‘l ochib bermaslik muhim.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida globallashuv jarayonida islomni tushunish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda sohaga taalluqli muhim masala va muammolar muhokama etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda mazkur ilm dargohi hamda xorijdagi nufuzli universitetlar, ilmiy-ma’rifiy tadqiqot markazlarining olimlari, professorlari, ekspertlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
ZOOM platformasi orqali onlayn formatda o‘tkazilgan konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov ochib berib, anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.

– So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi Z.Islomov. – Ayniqsa, islomshunoslik fanlari, islom tarixi bilan bog‘liq sohalarning rivojlanishi, ular bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning barchasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining o‘rni beqiyosdir. Shu sababli ham ushbu ilmiy-amaliy anjumanning xalqaro maqomda o‘tkazilishi va mazkur tadbirda aynan islom bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni tushunish masalasi, muammosi, rivoji bilan bog‘liq mavzular tilga olinayotgani bejiz emas. Shu maqsadda islom ta’limoti va uning asoslarini o‘rganish, uni to‘laqonli ravishda asl manbalar orqali tushuntirish va bunga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tkazish eng dolzarb va kechiktirib bo‘lmas vazifalardan biridir.
Konferensiya “Dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo totuvlik: o‘tmish, hozir, kelajak”, “Oliy islom ta’limini rivojlantirishda yutuqlarga ega bo‘lgan o‘zbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi” hamda “Islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining an’analari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasi” kabi sho‘’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini olib bordi.
Tadbirda sohada ilmiy izlanish olib borayotgan mahalliy va xorijlik tadqiqotchilarning “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari”, “Islom manbashunosligi: tadqiqotlar, zamonaviy muammolar”, “O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda islom tolerantligining ahamiyati”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot va jaholatga qarshi ma’rifat”, “Komil inson tushunchasining shakllanishida moturidiya ta’limotining o‘rni”, “Internetning ilmiy sohadagi o‘rni”, “Qur’onshunoslikka oid tadqiqotlar” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
– Ijtimoiy barqarorlik hodisasi har qanday jamiyat taraqqiyotining muhim poydevori bo‘lib xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, sotsiologiya fanlari doktori Bahrom Farfiyev. – Jamiyat barqarorligini saqlashda islom dinining tolerantlik tamoyili o‘ziga xos o‘ringa egaligi kundalik va ijtimoiy hayotimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tolerantlik hodisasi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatlarda nozik masala sanaladi. Yurtimizda ko‘p millat vakillari istiqomat qilib, turli konfessiyalar faoliyat ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalalari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasida davlat siyosatining ustuvor masalasi darajasiga ko‘tarilgani ham davr talabidir.
Davra suhbatida bugungi globallashuv hamda tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini ochib berish qayd etildi. Uchrashuvda so‘z olganlar islom dini – tinchlik dini bo‘lib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik-osoyishtalikni qadrlash dolzarb vazifa ekanligini qayd etdilar.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, vijdon erkinligi masalalari, milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbusini xalqaro jamoatchilik keng qo‘llab-quvvatlanganini e’tirof etish joiz. Shu bilan bir qatorda islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ayniqsa, Toshkent shahrida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutishi shubhasiz.
Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. bugungi axborot asrida yoshlarni tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Muxtasar aytganda, mazkur xalqaro anjuman aynan dinning mohiyati, islomning asl mazmunini anglashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Zero, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyat teran anglamoqda.
N.Usmonova,
O‘zA