Global muloqotga qutlug‘ chorlov sadosi
19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida o‘tayotgan tadbirning birinchi kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo mamlakatlar yetakchilari – Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirokida munozaralarga boy va shukuhli o‘tdi.

Davlatimiz rahbari barcha xalqaro anjumanlarda o‘z tashabbuslari va dolzarb mavzulardagi mushohadalari bilan hamisha dunyo hamjamiyati diqqatini o‘ziga qaratib kelgan. Navbatdagi nufuzli anjumanda ham yuksak minbardan turib hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligi borasida kuyinchaklik bilan so‘z yuritdi.
– Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yilda Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezidentimiz keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan va keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surib, qat’iyat bilan shunday dedi:
– Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil bormoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030" taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘undir.
– Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi. Zero, bu mavzu asrlar davomida xalqimizni paxta qulligi zanjirida qiynab kelayotgan edi. Bu qullik tufayli ne-ne norasida farzandlar, xotin-qizlar jabr ko‘rmagan deysiz...
– Bir asr mobaynidaO‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bu so‘zlarni bugungi avlod gungi avlod chuqur his qilmasligi mumkin. Lekin butun umri davomida eng qimmatli vaqtini o‘qish va izlanishlarga sarflamasdan, paxta dalalarida sarson kezgan katta avlod vakillari juda yaxshi eslashadi. O‘sha davr iztiroblari va fojialari bilan bog‘liq asoratlar hanuz bizni qiynab kelayotgani ham rost.
Barchamiz guvoh bo‘lib turganimiz – Markaziy Osiyo birdamligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar bugungi kunda dunyodagi barcha ezgu niyatli insonlar – xalqaro hamjamiyat e’tirofi va e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirayotgani va bu tuyg‘u tobora kuchayib borayotganini davlatimiz rahbari ishonch bilan ta’kidladi. Nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarak ekanligi, mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarimiz davom etajagi ma’ruzada alohida qayd etildi.
Hozirgi kunda qaysi bir jabhaga qaramang, yuragida o‘ti bor yigit-qizlarimiz tashabbuslari va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar olib borilayotganiga amin bo‘lamiz. Davlatimiz rahbari aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolangani sessiyaning eng muhim voqeliklaridan biri bo‘ldi. Bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030" dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Jamiyatimizda uchraydigan muammolarning aksariyati xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtiroki bilan bog‘liq ekanligi ma’lum. Shu bois O‘zbekiston yetakchisi milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat ekanligini alohida qayd etdi. Mamlakatimiz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlanib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, Prezidentimiz sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini ta’kidlab, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ko‘rsatib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, mintaqamizdagi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va suv bilan ta’minlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirildi. Mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.
– Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun dunyo har lahzada o‘zgarmoqda, xabar va yangiliklar to‘lqinida mavjlanmoqda. Ana shu ummon markazida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari o‘z tashabbuslari, takliflari va muhim xulosalari bilan xalqaro hamjamiyat nigohini o‘ziga qaratib turibdi. Mazkur munozaralarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning global muloqotga qutlug‘ chorlov sifatida bildirayotgan har bir tashabbusi va mulohazalari nafaqat yurtdoshlarimizni, balki dunyoda tinchlik, do‘stlik va farovonlik hukm surishini istagan barcha ezgu niyatli insonlarni umidlantirmoqda, yorug‘ kelajak sari boshlamoqda desak adashmagan bo‘lamiz.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri