Giyohvandlik vositalari aylanmasiga chek qo‘yildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oldindan olingan ma’lumot asosida giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazishdi.
Tadbir davomida “Toshkent-Nukus” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi A-380 avtomagistral yo‘lining Xorazm viloyatida joylashgan Tuproqqal’a tumani hududining katta yo‘l yoqasida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada ushbu fuqaroning kiyim cho‘ntagida gugurt qutisiga joylangan, rangsiz sellofan paketga o‘ralgan taxminiy og‘irligi 1,14 gr. bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda borligi aniqlanib, tekshirib ko‘rish uchun vaqtincha saqlashga olindi.

Yana bir tezkor holatda, oldindan kuzatuvga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Nukus shahri yangi bozor hududida harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada fuqaroning kiyim cho‘ntagida 1 dona rangsiz sellofan paketga o‘ralgan, o‘rami bilan taxminiy og‘irligi 17,83 gr. bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda borligi aniqlandi.
Tayinlangan ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ushbu moddalar giyohvand vositalari ekanligi tasdiqlandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri