Giyohvandlik bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydigan xavfli illatdir
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunidan kelib chiqadigan vazifalar mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan hududdagi barcha shahar va tumanlarda “Hayotni tanla!” aksiyasi doirasida ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi jumladan, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida tushuncha berish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda yoshlarni hayotda to‘g‘ri tanlov qilishga undashdan iborat.

Aksiya doirasida mahalla va tashkilotlarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning inson salomatligi, oila tinchligi va jamiyat barqarorligiga yetkazadigan zarari haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.

Ta’kidlanganidek, giyohvandlik bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydigan, balki butun jamiyat kelajagiga xavf soluvchi illatdir. Shu bois, uning oldini olishda mahalla, oila, ta’lim muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlarining hamjihatligi muhim ahamiyat kasb etadi. “Hayotni tanla!” aksiyasi doirasidagi keng qamrovli tadbirlar orqali yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va ijodga jalb qilish, turli salbiy ta’sirlardan himoya qilish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.