GFR aholi xavfsizligi uchun milliardlab mablag‘ sarflamoqchi
Germaniya ichki xavfsizlik va aholini favqulodda vaziyatlardan himoyalash tizimini tubdan isloh qilmoqda.
“Bild” nashri yozishicha, mamlakat rasmiylari 2029-yilgacha bo‘lgan davrda ushbu maqsadlar uchun 10 milliard yevro yo‘naltirishni ko‘zda tutmoqda.
Hukumat rejasiga ko‘ra, mablag‘lar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga sarflanishi belgilangan: mamlakat IIV tuzilmasiga kiruvchi Texnik yordam federal agentligining ob’ektlari yangilanadi va ta’mirlanadi. Shuningdek, qutqaruvchilar uchun mingdan ortiq maxsus sohaviy mashinalar sotib olinadi.
Tezkor kuchlar va joylashtirish: Federativ respublika bo‘ylab xavf-xatarlarga zudlik bilan javob qaytaradigan 50 ta maxsus guruh tuziladi. Bundan tashqari, zarurat tug‘ilganda aholini vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash uchun 110 mingta ko‘chma lager o‘rin-joylari zaxirasi yaratiladi.
Ommaviy ta’lim va yangi standartlar: Qutqaruv tizimi xodimlarini ommaviy qirg‘in qurollari (kimyoviy, biologik, radiatsiyaviy va yadroviy xavflar) sharoitida harakat qilishga o‘rgatish bo‘yicha umumiy majburiy qoidalar joriy etiladi. Fuqarolik mudofaasi asoslarini maktab o‘quv dasturlariga alohida dars sifatida kiritish taklif etildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA