Geyts: Tolibon bilan hamkorlik qilmoqdaman
Bill va Melinda Geyts nomidagi xayriya bilan shug‘ullanuvchi jamg‘arma Afg‘onistonda poliomiyelitga qarshi kurashda Tolibon muvaqqat hukumati bilan hamkorlik qilmoqda. Bu haqda amerikalik tadbirkor Buyuk Britaniyaning “The Daily Telegraph” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Milliarderning aytishicha, jamg‘arma hamkorlari Qatarda Tolibon bilan uchrashgan, ammo voqea haqida batafsil ma’lumot berishni xohlamagan. Bu harakatga zid keladigan AQSH sanksiyasini hisobga olgan holda, mazkur aloqalarni “juda qiyin jarayon”, deya ta’riflagan.
Tadbirkorning o‘zi Tolibon vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishga tayyormi, degan savol ham javobsiz qoldi.
“To‘g‘risini aytsam, bu mavzu maxfiy yoki ochiqligini ham bilmayman. Poliomiyelitni bartaraf etish kampaniyasiga ko‘p yordam bergan bo‘lardim. Bu fondimning ustuvor yo‘nalishi”, dedi u.
“Microsoft” asoschisi dunyo bo‘ylab poliomiyelitga qarshi kurash uchun qo‘shimcha 1.2 milliard dollar ajratishini e’lon qildi. Umuman, 2007 yildan beri Geyts xayriya jamg‘armasi ushbu maqsad yo‘lida 5 milliard dollar sarfladi.