Germaniyada Alisher Navoiyga ehtirom ko‘rsatildi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida buyuk alloma Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida buyuk alloma Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
2019 yilning dekabr oyida Frankfurt-Mayn shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamda “Humo” O‘zbek-Olmon madaniy jamiyati tomonidan “O‘zbek tili va madaniyati” o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu yerda haftaning har yakshanba kunlari maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun darslar o‘tilmoqda.
Navoiyxonlik kechasi ana shu o‘quv kurslari doirasida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakilligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Germaniyaning turli shaharlaridan kelgan 80 nafarga yaqin vatandoshimiz, ularning farzandlari, nemis madaniyati va jamoatchiligi vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek tilida savodxonligini oshirayotgan yoshlar va tadbir ishtirokchilariga Navoiy dahosi, uning hayotiy maslaklari va ijod yo‘li haqida ma’lumot berildi. Buyuk bobomiz asarlaridan namunalar o‘qildi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi g‘azalxonlik tanlovi barchaga manzur bo‘ldi.
Kechada otasi asli o‘zbekistonlik bo‘lgan “Arabeski” musiqa guruhi solisti Mixaela Rouz ham qatnashib, o‘zbek tilidan ilk saboqlarini oldi. Jahonga mashhur guruh vakili o‘zbekona dasturxon tuzash odati, milliy taomimiz – palovning tayyorlanishi bilan tanishdi.
O‘zbeklarning mehmondo‘stligi-yu, o‘z tarixi, madaniyati, urf-odatlari va tiliga bo‘lgan yuksak ehtiromidan ta’sirlangan germaniyalik mashhur qo‘shiqchi o‘z ehtiroslarini yashirolmay quyidagilarni aytib o‘tdi.
– Navoiy tavalludi munosabati bilan uyushtirilgan tantanali marosimda ishtirok etayotganimdan mamnunman, – dedi Mixaela Rouz. – Tomirlarimda oqayotgan qon meni O‘zbekiston, uning madaniyati va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘lab turadi. Bundan bir necha yil oldin otamning asli o‘zbekistonlik ekanini bilganimdan buyon bu yurtga borish, qarindoshlarim bilan ko‘rishib, ular bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yish orzusi bilan yashamoqdaman. Hozirgi kunda eng muhimi ikkinchi ona tilim – o‘zbek tilini o‘rganib, o‘zbeklarning yashash tarzi, milliy an’analari bilan yaqindan tanishmoqchiman. Shu bois O‘zbekistonga borish, ikkinchi vatanim bilan yaqindan tanishish, ushbu yurtni nafaqat Germaniya, shuningdek, butun dunyoda keng tanitish yo‘lida konsert va boshqa tadbirlar ko‘rinishidagi turli loyihalarni rejalashtirayapman.
Tadbirda tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilar va barcha bolajonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Kamoliddin Bediev,
O‘zbekiston yoshlari
umumjahon assotsiatsiyasining
Germaniyadagi vakili