Germaniya parlamenti a’zolari O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati ortib borayotganini yuqori baholadi
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Berlin shahriga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniya Bundestagining «Germaniya - Markaziy Osiyo» parlamentlararo hamkorlik guruhi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Germaniya parlamenti a’zolari O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati ortib borayotgani, nemis investitsiyalari hajmi va kompaniyalar faoliyati kengayayotgani, shuningdek, turistik almashinuvlar jadal o‘sib borayotganini yuqori baholadi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suv resurslarini boshqarish, ta’lim va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi doirasidagi muloqotni yanada faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida 2027 - 2028-yillarga mo‘ljallangan parlamentlararo hamkorlikning “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, kelgusi yili Germaniya Bundestagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va uning doirasida Orolbo‘yidagi ekologik vaziyat bilan tanishish rejalashtirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA