Geotexnologiyalardan samarali foydalanish
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Geotexnologiya, konchilik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” mavzusida xalqaro SCOPUS konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Oliy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan pedagoglar ilmiy salohiyatini oshirishda xalqaro konferensiyalarning o‘rni juda muhim. Shu bois Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida geotexnologiyaning qator sohalari yuzasidan dolzarb masalalarga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilib kelinmoqda.

– Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad kon-metallurgiya sanoatida konlarni o‘zlashtirishda texnik ishlanmalar va energiya samaradorligini joriy etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni muhokama qilish, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha dalillarga asoslangan xulosa va tavsiyalar taqdim qilishdan iborat, – deydi universitet rektori, texnika fanlari doktori Baxtiyor Mardonov. – Ilk bor tashkil etilgan “GeoTech – 2023” anjumanga yurtimiz olimlaridan tashqari, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Yaponiya, Janubiy Koreya olimlari tomonidan geotexnologiya, geoekologiya, geokimyo, mineral xom ashyoni boyitish, kimyoviy qayta ishlash, metallurgiya, kon-metallurgiyada energetika, kon mashinasozligi, geoelektromexanika kabi 9 sho‘’ba bo‘yicha 150 ga yaqin maqolalar kelib tushdi. Saralangan ilmiy ishlanmalar kitob holida chop etiladi.

Tabiiy resurslarga boy Navoiy viloyatida konchilik sanoati muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda mazkur sohadagi ishlab chiqarish muammolari yuzasidan xalqaro tajribalarning o‘rganilayotgani mahalliy olimlarimiz salohiyatini oshiribgina qolmay, konchilik sanoati taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA