Geologiya sohasining eng faollari aniqlandi
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda zamonaviy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yilning 24-oktabr kuni “Yilning eng faol yosh geologi” va “Yilning eng faol yosh muhandis-texnik xodimi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Bellashuvda Jamiyat tasarrufidagi barcha markaziy ekspeditsiyalar va laboratoriyalardan saralab olingan eng iqtidorli, bilimli va shijoatli yosh mutaxassislar bosh sovrin uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Ushbu tanlovni tashkil etishdan ko‘zlangan bosh maqsad — Yangi O‘zbekiston sharoitida geologiya sohasini raqamlashtirish va transformatsiya qilish jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan yosh kadrlarni aniqlash hamda ularni har tomonlama rag‘batlantirishdir. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularning dadil ilmiy tashabbuslari va innovatsion g‘oyalarini ishlab chiqarishga integratsiya qilish uchun erkin maydon yaratishni maqsad qilgan.

Tanlovning har bir nominatsiyasi soha kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Xususan, “Yilning eng faol yosh geologi” yo‘nalishi yosh geologlarning tog‘ jinslarini tahlil qilish, yangi istiqbolli konlarni aniqlash hamda mineral-xomashyo bazasini kengaytirishdagi nazariy va amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Bu yo‘nalish yoshlarga yer osti boyliklarini qidirishda eng so‘nggi geoinformatika va zamonaviy xalqaro standartlardan foydalanish ko‘nikmalarini namoyish etish imkonini berdi.

“Yilning eng faol yosh muhandis-texnik xodimi” — bugungi kunda sohaga chet el ilg‘or texnologiyalari va yuqori texnologik burg‘ilash uskunalari kirib kelayotgan bir davrda, ushbu yo‘nalish ishtirokchilarning texnika tili bilan ishlash, innovatsion yechimlarni qo‘llash hamda ish unumdorligini oshirish borasidagi mahoratini yuzaga chiqardi.
Murosasiz bahslar yakunida har ikki yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular Jamiyat rahbariyati hamda Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari, diplom va pul mukofotlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Tadbir yakunida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Boshqaruvi raisi Shamsiddin Alimov mutaxassislarni taklif va fikr-mulohazalarini tinglab, soha yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, “ustoz-shogird” an’analarini mustahkamlash va intellektual salohiyatli yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasidagi ishlarni bundan keyin ham izchil davom ettirilishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zA