Geologiya muzeyida qanday noyob eksponatlar saqlanmoqda?
Mamlakatimizda 18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan “Geologiya muzeyi” davlat muassasasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur hamda ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar muzeyning yangi binosi, zamonaviy ekspozitsiyalari va noyob eksponatlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, muzey tarixi, uning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati hamda geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Muzey axborot xizmati rahbari Sanjar Qodirovning ta’kidlashicha, Davlat geologiya muzeyi yurtimizning boy tabiiy merosi va geologiya sohasidagi yutuqlarni o‘zida mujassam etgan muhim ilmiy-ma’rifiy maskan hisoblanadi.

– Muzeyimiz tarixi 1926-yildan boshlanadi. Dastlab u bir xonani egallagan bo‘lsa, keyinchalik geologlar tomonidan turli hududlardan olib kelingan minerallar, tog‘ jinslari va noyob topilmalar hisobiga muzey fondi kengayib bordi. Bugungi kunda muzey xazinasida 50 mingga yaqin eksponat saqlanmoqda. Ular minerallar, tog‘ jinslari, shliflar, paleontologik topilmalar, yer osti va yer usti boyliklari hamda turli geologik kolleksiyalardan iborat. Muzeyning uch qavatli ko‘rgazma zallarida O‘zbekiston hududidagi mavjud konlardan olingan etalon namunalar, noyob ma’danlar va turli minerallar namoyish etilgan. Shuningdek, tomoshabinlar yerning paydo bo‘lishi, Quyosh tizimi, vulqonlar, zilzilalar, qadimgi hayvonot dunyosi va paleontologiyaga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan ham tanishish imkoniyatiga ega, – dedi Sanjar Qodirov.

Mutasaddilar qayd etganidek, muzey nafaqat eksponatlarni saqlash, balki ularni o‘rganish va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun ham muhim markaz hisoblanadi. Bu yerda geolog olimlar, tadqiqotchilar, talabalar va maktab o‘quvchilari uchun turli amaliy mashg‘ulotlar va ekskursiyalar tashkil etiladi.Shu bilan birga, muzey yoshlarda geologiya sohasiga qiziqish uyg‘otish maqsadida “Yosh geolog” olimpiadalarini ham muntazam o‘tkazib kelmoqda.
Bugungi kunda ushbu maskan nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki xorijlik mehmonlar uchun ham O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va geologiya sohasidagi salohiyatini namoyon etuvchi muhim maskanlardan biriga aylangan.
Tadbirda ta’kidlanishicha, Geologiya muzeyi xalqaro hamkorlik aloqalarini ham keng yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Shanxay fan va texnologiya muzeyi, Xitoy geologiya muzeyi, Yaponiyaning Sukuba universiteti hamda Slovakiyaning Pavel Yozef Shafarik nomidagi universiteti bilan hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar muzey ekspozitsiyalari bilan atroflicha tanishib, O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari, tog‘ ma’danlari, minerallar hamda mamlakatimiz konlariga oid noyob kolleksiyalar haqida batafsil ma’lumot oldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA