Generalni asir olgan o‘zbekistonlik jangchi
Xotira va qadrlash kuni oldidan
Urush tegirmonidan omon chiqib, salkam bir asrga teng umr ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi. Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi «Birlik» MFY Zafar ko‘chasi, 15-uyda istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bekseit Baymirzayev ana shunday insonlardan biri.
Bekseit otaga ehtirom ko‘rsatib, uning xonadonida mehmon bo‘lganlar 97 yoshli urush faxriysining tetikligidan hayratlangan bo‘lsa, ajab emas. Chunki mehmonlarni quchoq ochib kutib olgan otaxonni ko‘kragidagi orden-medallarsiz ko‘rgan odam 97 yoshni qarshilagan deb o‘ylamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi Umumqo‘shin fakulteti kursantlari va ofitserlari, Yuqori Chirchiq tumani mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari, mahalla faollari, shifokorlar hamda tumandagi 24-umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan iborat guruhni urush faxriysi bir tomoni keng dalalarga tutashib ketgan hovlisidagi so‘rida xursandchilik bilan kutib oldi.
– 1942 yili Pedagogika bilim yurtida o‘qib yurgan kezlarim frontga chaqiruv qog‘ozi keldi, – dedi otaxon o‘z boshidan kechirganlari haqida xotirlar ekan.
– Avvaliga Kuybishev (hozirgi Samara) shahridagi Serjantlar tayyorlash markazida 3 oylik kursga jo‘natishdi. Shundan so‘ng 1-Ukraina fronti 164-alohida artilleriya brigadasi tarkibida aloqachi, keyinchalik minomyot batalonida bo‘linma komandiri sifatida janglarda qatnashdim. Batalonimiz bilan Ukraina, Polsha va Chexoslovakiyaning o‘nlab shaharlarini fashist bosqinchilaridan ozod qilib, g‘alabani 10 may kuni Praga ostonasida kutib olganmiz.
Urush o‘z nomi bilan urush. Janglarda ko‘plab quroldosh do‘stlarimdan ayrildim. Bir necha marta fashistlarni asirga tushirib kelish uchun jo‘natilgan razvedka guruhlarida qatnashdim. Komandirlar tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarish chog‘idagi xizmatlarim uchun «II darajali Vatan urushi», jangovar «Qizil bayroq» ordenlari va bir qator medallar bilan taqdirlandim.
Praga ostonasidagi so‘nggi jangdan keyin batalondagi yoshi katta jangchilar o‘z Vataniga jo‘natildi. Men boshqa quroldosh do‘stlarim bilan 1- va 2-Uzoq Sharq frontida yapon imperialistlariga qarshi urushda qatnashdim. Jangchi uchun eng qadrli bo‘lgan «Qizil Yulduz» ordenini aynan yapon urushidagi qahramonligim uchun berishgan. Janglarning birida bo‘linmamiz bilan dushman qo‘mondonlik shtabini ishg‘ol qildik. Qarshilik ko‘rsatish befoydaligi, tepada bizni qo‘llab-quvvatlab turgan aviatsiya borligini bilgan va ko‘p qon to‘kilishi mumkinligidan cho‘chigan yapon askarlari qo‘mondonlik shtabining general o‘tirgan xonasini ko‘rsatib yubordi. O‘zini xarakiri qilishga ulgurmagan general ham taslim bo‘lishdan boshqa chora topa olmagandi... Qishning qahraton sovug‘i, issiq va yomg‘irli kunlar, oziq-ovqat tanqisligiga qaramay dushman ustidan g‘alaba qozondik. Ne-ne navqiron yigitlar urush maydonlarida nobud bo‘lishdi. Ular qatorida ukam Mamay Baymirzayev ham bor edi. Urushdan keyin ukamning taqdirini so‘rab-surishtirganimda Mamay Stalingrad uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lganligini aniqladim. Yana bir ukam – Tog‘ay Baymirzayev menga o‘xshab frontdan eson-omon qaytib kelgan.
Xonadonimga mehmon bo‘lib kelgan o‘g‘il-qizlarim! Biz ko‘rgan kunlar hech qachon sizlarning boshingizga tushmasin. Tinch-osuda kunlarning qadriga yetib, faqat ilm olish orqali yurtimiz kelajagining poydevorini mustahkamlashda o‘z hissangizni qo‘shing. Vatan himoyachisi bo‘lishga ahd qilgan bo‘lg‘usi ofitserlar, sizlarga nasihatim shuki, hamisha o‘z sevgan kasbingizga sodiq bo‘lib, sharafli kasbingiz ortidan faqat va faqat hurmat-e’tibor toping.
Bekseit Baymirzayev yurtimizga, tinchligimizga, to‘kin hayotimizga shukronalik keltirib, yoshlarni ana shu tarzda duo qildi.
Maktab o‘quvchilari va kursantlarga hamrohlik qilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi ofitserlari – polkovniklar Muhiddin Umarov, Hikmatullo To‘xtaboyev, Yuqori Chirchiq tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Azamat Musakulov, 24-umumta’lim maktabi harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘qituvchisi Mamatali Avazov otaxonning o‘gitlari va urush xotiralari yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashini ta’kidladilar.
Tadbir tashkilotchilari «Birlik» MFY Chamanzor ko‘chasi, 48-uyda qarilik gashtini surib kelayotgan Andaqul ota xonadonida ham mehmon bo‘ldilar. 1943 yili frontga jo‘natilgan Andaqul Xudoybergenov Belarus frontida fashist bosqinchilariga qarshi janglarda qatnashdi. 1945 yil boshida chap qo‘lidan og‘ir yaralangan jangchi harbiy komissiya qarori bilan demobilizatsiya qilinib, ko‘ksida bir qator medallar va I darajali «Vatan urushi» ordeni bilan yurtiga qaytib keldi. Urushdan keyin 30 yildan ortiq Yuqori Chirchiq tumani sanitariya-epidemiologiya bo‘limida fidokorona ishladi.
Yakunda maktab o‘quvchilari va kursantlar urush faxriylarining hovlilarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi.
«Vatanparvar» gazetasi
muxbiri Asror RO‘ZIBOEV
O‘zA uchun maxsus tayyorladi.