“General va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi
Yangi O‘zbekistonda yosh avlodni barkamol insonlar sifatida tarbiyalash, mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqdaki, bu o‘z navbatida jonajon Vatanimizning har jihatdan salohiyatli, vatanparvar, fidoyi farzandlari safi yildan yilga kengayishini ta’minlamoqda.
O‘zbekiston Milliy universitetida ana shu maqsadlarga yo‘naltirilgan “General va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.


Unda O‘zbekiston Milliy universiteti va Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi kursantlari ishtirok etdi.


Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarov mamlakatimizda yoshlarning iqtidorlarini namoyon etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy kasbning nufuzi va mas’uliyati xususida fikr bildirdi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan muloqot davomida talaba-yoshlarning, kursantlarning taklif va mulohazalari tinglandi.
Tadbir doirasida akademiya va universitet o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashkilotchilar, faol ishtirokchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA