General urush faxriysi holidan xabar oldi
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Ergashev, tuman mudofaa ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Mirhamid Fayziyev, bir guruh harbiy xizmatchilar va jamoatchilik vakillari urush faxriysi, iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Vladimir Chmixun holidan xabar olishdi.
Ayni vaqtda 98 yoshni qarshi olayotgan otaxon Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alpomish mahallasida istiqomat qiladi. Turmush o‘rtog‘i Anna Maksimovna bilan ikki farzandni voyaga yetkazgan urush faxriysining ibratga arzigulik umri, hayot tarzi bor. Shuning uchun ham mahallada doim e’tibor va e’zozda.

– Vladimir Chmixunni mahallamizning yoshu qarisi hurmat qiladi, – dedi “Alpomish” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Barno Quljonova. – Har oyda otaxonning holidan xabar olamiz. Oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan narsalar yetkazib beriladi. Bu insonlar tirik tarix. Yaqin yillargacha bu kishi mahallamizda, maktablarda o‘tkaziladigan tadbirlarning aziz mehmoni bo‘lib kelgan. Biz bu nuroniyni hamisha yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatamiz.
Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan bayram tadbiri o‘ziga xos bo‘ldi. Uchrashuv davomida G‘alabaning 76 yilligiga bag‘ishlab Prezidentimizning urush faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi, pul mukofoti va boshqa sovg‘a-salomlar otaxonga topshirildi. Shundan so‘ng otaxon mehmonlarga urush xotiralari, urushdan keyingi xizmat faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Harbiy san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi
Gulnora HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi
(Z.Jonibekov)