G‘azoda yana bir OAV xodimi halok bo‘ldi
G‘azoda yana bir falastinlik OAV vakili hayotdan ko‘z yumdi. Mahalliy matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari Falastin anklavidagi turli axborot agentliklarida tasvirchi bo‘lib ishlagan Umar Saloh Al-Dayraviyning sektor markazidagi Al-Zavoyid hududida joylashgan uyiga zarba bergan. Isroil hujumi oqibatida Dayraviyning o‘zi, onasi va otasi halok bo‘lgan.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda qurbon bo‘lgan OAV xodimlari soni 202 nafarga yetdi.
Ayni payt Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi, Arab jurnalistlari federatsiyasi va barcha ommaviy axborot vositalari harbiy mojaro hududida soha xodimlariga nisbatan sodir etilayotgan tizimli jinoyatlarni qoralashga chaqirilgan.
Bundan tashqari G‘azo hukumati xalqaro hamjamiyatni Isroilga qarshi xalqaro sudlarda bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘rishga da’vat etmoqda.