Gazlida ko‘ngillar ko‘ngillarga shodlik ulashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Romitan tumani Gazli shaharchasida “Birlashsak bir elmiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy festival bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat va tuman Kengashi deputatlari, Gazli shaharchasi hokimi, viloyatdagi mavjud milliy madaniy markazlari rahbar va a’zolari, shaharcha aholisi, viloyatning Qorovulbozor tumanida, “Jongeldi” qishloq ovulida yashovchi qozoq millatiga mansub vakillar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Gazli shaharchasi Buxoro viloyati Romitan tumani tarkibiga kiruvchi kichik shaharcha bo‘lib, viloyat markazidan salkam 106 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bugun ushbu hududda 1 ming 300 dan ortiq xonadonda 6 ming 500 ta aholi istiqomat qiladi. Mazkur shaharchada asosan qozoq millatiga mansub aholi yashaydi.

Tarixi bir necha ming yilliklarga tutash ko‘hna va boqiy Buxoro ham qadim sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida asrlar davomida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik maskani bo‘lib kelgan. Buxoroda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari tinch-totuv umrguzaronlik qilmoqda. Ajdodlarning bag‘rikenglik an’analarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ham viloyatda 40 dan ziyod millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilmoqda.
– Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir, – deydi Buxoro viloyati “Oftobi so‘g‘diyon” tojik-forsiy milliy madaniy markazi rahbari Rauf Avezov. – O‘zbekistonda turli millat vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti ta’minlangan. O‘zbekistonda millati, tili, dinidan qat’iy nazar barcha millat vakillari teng huquqli. Shunday tinch, osuda yurtda yashayotganimizdan baxtiyormiz.
– Davlat rahbari tashabbusi bilan viloyatdagi mavjud milliy madaniy markazlarga yaxshi sharoitlar yaratib berilgan, – deydi viloyat “Soglasiye i milosordiye” rus milliy madaniy markazi rahbari Nataliya Chopanashvili. –Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi tahlikali zamonda mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlikni rivojlantirish eng muhim masalalardan biridir.
– Biz shunday go‘zal, tinch yurtda yashayotganimizdan xursandmiz, – deydi qozoq milliy madaniy markazi rahbari Xazna Kolbayeva. – Osmonimiz musaffo, barcha millat vakillar bir tan, bir jon bo‘lib yashab kelmoqda. Mustaqilligimizga, tinchligimizga ko‘z tegmasin. Farzandlarimiz kamolini ko‘rish barchamizga nasib aylasin.
Tadbirda turli millat vakillari o‘zlarining kuy va qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri