Gazli shirin ichimliklar iste’moli natijasida qandli diabet kasalligining kelib chiqish ehtimoli yuqori
Bugungi kunda rangli gazli ichimliklar deyarli har bir xonadonga kirib kelgan. Do‘kon rastalarida turli xil rang va ta’mdagi ichimliklar ko‘zga tashlanadi, ularni ayniqsa, yoshlar hamda bolalar sevib iste’mol qiladi. Ammo ularning mazali va chiroyli ko‘rinishi ortida sog‘liq uchun shunday ta’sirlar yashiringanki, bu ichimliklar qondagi shakar miqdorini oshiradi.
Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Aqida Nosirova inson organizmi uchun suvning ahamiyati, mineral va tabiiy gazlangan suvlarning foydalari, sun’iy gazli suvlarning zararlari haqida batafsil ma’lumot berdi:
– Inson tanasidagi suv miqdori 45-75 foizni tashkil etgani sababli yetarli miqdorda suv ichish organizm uchun juda muhim. Ammo ko‘pchilik tanagi suv balansini muvozanatda ushlamaydi. Toza suv tanadagi suyuqlik yetishmasligini to‘ldiradi, kasalliklarni yengishda ko‘maklashadi. Qahva, gazli suv, shakarli sharbat kabi ba’zi shirin ichimliklar esa, aksincha, zararli bo‘lishi mumkin.
Tabiiy gazlangan suvlar qadim zamonlardan ma’lum bo‘lib, tabiblar ulardan davolash maqsadlarida foydalanib kelgan. XVIII asrda mineral suvlar shisha idishlarga quyilib, sotila boshlandi. Biroq, u ancha qimmat bo‘lib, qolaversa, juda tez o‘zgarar edi. Shu boisdan ham, keyinchalik, bu suvlarni sun’iy ravishda gazlashtirishgan.
Gazlangan shirin ichimliklar tanani elektrolitlar bilan boyitadi. Shu tufayli ularni mutlaq zararli deb bo‘lmaydi.
Karbonat angidrid konservant hisoblanadi va qadoqlarda Ye290 sifatida belgilanadi. Gazlangan ichimliklar tarkibiga kiruvchi natriy benzoat oziq-ovqat mahsulotlarida konservant sifatida qo‘llaniladi. Natriy tarkibli konservantlar organizmdagi kaliy miqdorini kamaytiradi. Shirin gazlangan ichimliklar tarkibidagi shakar va kislota esa, tish emal qatlamini parchalaydi. Kariyes tish ildizi, negizi va asab tolasiga yetganida tish parchalanadi.
Aksariyat shirin gazlangan ichimliklar tarkibida makkajo‘xori siropi ko‘p miqdorda bo‘lib, u ikkinchi tipdagi qandli diabet yoki yurak bilan bog‘liq xastaliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lishi mumkin. Gazli shirin ichimliklar iste’molini sevuvchilarning 80 foizida qandli diabetni orttirish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Kuchli gazlangan shirin ichimliklar katta miqdorda fosfor kislotasini ham o‘zida saqlaydi. Bu kislota buyrakda tosh paydo bo‘lishi, suyak bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Bu kislota ta’sirida suyaklar mo‘rtlashadi va osteoporoz rivojlantirishi mumkin. Peshob bilan tanadan chiqqan fosfor kislotasi o‘zi bilan kalsiy va boshqa foydali minerallarni olib chiqadi.
Semirish va shirin gazli ichimliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik turli testlar va sinovlar natijasida allaqachon isbotini topgan. Bir stakan shirin gazli ichimlik ichgach, qon tarkibidagi shakar miqdori oshadi, jigar esa uglevodlarni yog‘ga aylantiradi.
Shu o‘rinda energetik ichimliklar haqida ham to‘xtalib o‘tishimiz joiz.
Alkogolsiz quvvat ichimliklari unchalik ham xavotirli emasdek tuyuladi. Chunki, tarkibida kofein, shakar, ta’m beruvchi qo‘shimchalar va vitaminlar bor. Biroq ichimlik xavfi ushbu moddalarning konsentratsiyasidadir. 300 millilitrli ichimlikda ko‘p miqdorda, aniqroq aytganda, 7 finjon qahvadagidek kofein bo‘ladi, bu asab tizimi, yurak-tomir tizimiga jiddiy zarba hisoblanadi. Bundan tashqari, ular tarkibida ko‘mir kislotasi bo‘lgan kuchli gazlangan ichimlik hamdir. Yana bir jihatni ham tan olish kerakki, kuchli gazlangan ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar xavfsiz iste’mol miqdorini ham yorliqlarda ma’lum qilishadi. Lekin, iste’molchilar, tabiiyki, bunga amal qilmaydi.
Yevropa Komissiyasi va Oziq-ovqat bo‘yicha tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda erkaklar ayollarga nisbatan ko‘proq alkogolsiz gazli ichimliklarni iste’mol qiladi (mos ravishda 62 foiz va 44 foiz), lekin ayollar orasida erkaklarga nisbatan semirish holatlari ko‘p uchraydi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida ichimliklardagi shakarga yangi soliqni (aksiz markasi) joriy etish, avvalo, semirish va qandli diabet kasalliklarining sabablarini aniqlovchi ilmiy tahlil va tadqiqot o‘tkazishni talab qiladi.
Gazli shirin ichimliklar tarkibiga kiruvchi bo‘yoqlar, shirinlashtiruvchi moddalar, aromatizatorlarning me’yorlari Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan 2026-yildan kuchga kirgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan “Oziq-ovqat qo‘shimchalariga va ulardan foydalanishga hamda oziq-ovqat qo‘shimchalarini tamg‘alashga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari” 0098-25-son SanQvaN da belgilab qo‘yilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA