“G‘azalxon yoshligim” tanlovi o‘tkazildi
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida “G‘azalxon yoshligim” ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Qobiliyat – imkoniyat – e’tirof” loyihasi doirasida viloyatning Baxmal tumanida to‘qqiz yo‘nalish bo‘yicha musobaqa va ko‘rik- tanlovlar o‘tkazilgan edi. Ushbu tanlovlardan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yosh avlodning ona Vatanga, jonajon xalqimizga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

Ushbu tashabbus yanada keng quloch yoyib, bunday tanlovlar viloyatning boshqa hududlarida ham o‘tkazib kelinmoqda va uning samarasida ko‘plab yosh iste’dod egalari kashf etilganini alohida e’tirof etish joiz. Mazkur loyiha doirasida viloyat prokuraturasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan “G‘azalxon yoshligim” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Yoshlar orasida badiiy ijod bo‘yicha yangi iste’dod egalarini aniqlab, ularni kashf etish va ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarishni maqsad qilgan mazkur ko‘rik-tanlovda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Abdurahmon Karimov, adabiyotshunos olim, professor Usmonjon Qosimovdan iborat hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning ijodiy ishlarini baholab bordi.

“G‘azalxon yoshligim” ko‘rik-tanlovida Baxmal tumani vakili, yosh iqtidor egasi Farrux Amirov birinchi o‘rinni egallab, ushbu ko‘rik-tanlovning mutlaq g‘olibi deb topildi. G‘allaorollik ijodkor o‘qituvchi Muxlisa Soatova ikkinchi va yana bir G‘allaorol tumani vakilasi Xumora Saidova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari