Gaz va elektr energiyasidan xavfsiz foydalanish – doimiy nazoratda
Energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, energetika ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash hamda avariyaviy holatlarning oldini olish davlat nazoratining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Ahadxon Isoqjonov rahbarligida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishda bu haqda atroflicha so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, nazorat tadbirlari davomida aniqlangan xato va kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. Mas’ullarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, nazorat samaradorligini oshirish va har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq natijaga erishish vazifalari belgilab berildi.
Inspeksiya boshlig‘i energetika ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etish, avariyaviy holatlarning oldini olish va ekspluatatsiya ishlarini to‘g‘ri tashkil etish masalalariga alohida to‘xtaldi.
– Energetika ob’ektlarida xavfsizlik masalasiga bir lahza ham e’tiborsizlik bilan qarab bo‘lmaydi. Har bir ob’ektning texnik holati muntazam o‘rganilishi, aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilishi va bu boradagi ishlar doimiy nazoratda bo‘lishi kerak. Nazorat faqat kamchilikni aniqlashdan iborat emas. Asosiy vazifa xavfni oldindan ko‘rish, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish va inson hayoti hamda ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashdir. Shuning uchun hududiy boshqarmalar har bir aniqlangan holat bo‘yicha tizimli ish olib borishi shart, – dedi A.Isoqjonov.
Yig‘ilishda energetika ob’ektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish, ekspluatatsiya ishlarini belgilangan talablar asosida tashkil qilish hamda ob’ektlarda doimiy ravishda o‘rganish va nazorat tadbirlarini o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, gaz taqsimlash stansiyalari, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari, bozorlar va savdo majmualarida o‘rnatilgan qurilmalarning texnik holatini o‘rganish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur ob’ektlarda suyultirilgan gaz va elektr energiyasidan foydalanishda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etilishi, qurilmalarning belgilangan me’yor va talablarga muvofiq ishlatilishi bo‘yicha nazorat tadbirlarini jadallashtirish lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida hududiy boshqarmalar mas’ullarining hisobotlari eshitildi. Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA