Gaz ta’minotida muammo bo‘lmaydi
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 290 mingdan ortiq iste’molchi tabiiy va 167 mingdan ortig‘i suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Ularga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida tizimda mingdan ortiq xodim faoliyat olib bormoqda.
Tizimda mavsumga tayyorgarlik jarayonlari samarali tashkil etilsa, gaz ta’minotida ham uzilish bo‘lmaydi. Ta’kidlash lozim, kuz-qishga tayyorgarlik olib borilayotgan ayni damda ayrim hududlarda gaz quvurlari rekonstruksiya qilinmoqda.

Buxoro tumani Rabotak hududida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolarning oldi olinadigan bo‘ldi. 2 kilometrdan ziyod gaz quvuri rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, Buxoro shahar Sheyxon mahallasi 1,2,3,4,5 massivlar va Buxoro tumani Ko‘chko‘mar mahallasida joylashgan aholi xonadonlarining tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida diametri 530 mmli o‘rta bosimli yer osti gaz quvuri ta’mirlanmoqda. Jarayonlar gaz ta’minoti filialining Qurilish va montaj boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

– Ta’kidlash lozim, “Hududgazta’minot” AJ tomonidan 2024 yil aprel oyida tasdiqlangan “Gaz ta’minoti tizimidagi gaz tarmoqlarini 2024 yilda mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi” ga asosan Buxoro shahar To‘qimachilik mahallasining Mustaqillik ko‘chasidagi yer osti o‘rta hamda past bosimli gaz quvurining 3,7 kilometr qismini rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimi Farrux Toshev. – Bugunga qadar 2,7 kilometr qismida qurilish ishlari bajarildi. Jarayonlar davom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur rekonstruksiya ishlari samarasida 1650 ta iste’molchilar xonadonida gaz ta’minoti yanada yaxshilanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri