Gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Neft-gaz sohasida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, mavjud zaxiralardan oqilona foydalanish va yangi resurslarni aniqlash dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa, energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqaror saqlash, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ahamiyat ega.
Ayni talablardan kelib chiqib, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida jamiyatning 2026-yil ikkinchi yarim yilligidagi ustuvor vazifalari, qazib chiqarish ko‘rsatkichlari, geologiya-qidiruv ishlarining borishi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Unda davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar va maqsadli ko‘rsatkichlarning ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Xususan, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarida kuzatilayotgan tabiiy pasayish tendensiyalari, ayrim konlarda reja ko‘rsatkichlaridan ortda qolish holatlari hamda geologik-texnik tadbirlar samaradorligi yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlari doirasida amalga oshirilayotgan 3D seysmik tadqiqotlar, izlov-qidiruv va ekspluatatsiya quduqlarini burg‘ilash ishlarining borishi tahlil qilindi. Belgilangan rejalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash, istiqbolli maydonlarda yangi zaxiralarni aniqlash hamda qazib chiqarish barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda departament va boshqarma rahbarlariga ish samaradorligini oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda yillik ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirish topshirildi. Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish, ishlab chiqarish ob’ektlari va texnologik qurilmalarning barqaror faoliyatini ta’minlash vazifalari belgilandi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar tabiiy gaz qazib chiqarish barqarorligini saqlash, yangi resurs bazasini shakllantirish hamda iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA