Gandbolchi yoshlarimiz bugun Hindiston jamoasi bilan kuch sinashadi
Bugun, 24-avgust kuni Iordaniya poytaxti Ammon shahrida gandbol bo‘yicha o‘tayotgan 11-Osiyo chempionati guruh bosqich o‘yinlarining uchinchi turida O‘zbekiston U-18 terma jamoasi Hindiston jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Kecha guruh bosqichining ikkinchi turida Bahrayn jamoasiga qarshi o‘tgan bahsda hamyurtlarimiz raqiblariga 36:28 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da gandbolchi yigitlarimiz maydonda munosib o‘yin ko‘rsatdi. Uchrashuv davomida bir qator chiroyli va esda qolarli gollar qayd etildi. Ayniqsa, darvozabonimizning o‘z jarima maydonidan raqib darvozasini aniq nishonga olgan goli uchrashuvning yorqin lahzalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
3-tur o‘yinlari ostonasida Bahrayn jamoasi 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Janubiy Koreya jamoasida 4, Indoneziyada 2 ochko mavjud. O‘zbekiston va Hindiston jamoalari turnir jadvalining so‘nggi qatorlarida bormoqda.
Aytish lozimki, o‘smirlar o‘rtasidagi 12-jahon chempionatiga saralash bosqichi vazifasini o‘taydigan ushbu birinchilikda 10 ta milliy terma jamoa 2 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib bormoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari “A” guruhda Janubiy Koreya, Bahrayn, Iordaniya, Hindiston jamoalari bilan joy olgan bo‘lsa, “B” guruhda Qatar, Eron, Kuvayt, Suriya, Saudiya Arabistoni jamoalari kuch sinashmoqda.
Har bir guruhdan eng yaxshi to‘rtta jamoa chorak finalga yo‘l oladi va jahon chempionati saralash bosqichiga yo‘llanma olish imkoniyatini saqlab qoladi. Amaldagi qit’a chempioni Yaponiya jamoasi musobaqada ishtirok etmayapti.
Guruhlardagi dastlabki saralash bosqich o‘yinlari 20-26-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Chempionatning ilk turida o‘zbekistonlik gandbolchi yoshlar Osiyo chempionatlari tarixidagi eng ko‘p sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya jamoasiga qarshi ruhiy bosim ostida kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz 47:29 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, o‘z guruhidan eng yaxshi natija qayd etgan to‘rtta jamoa 28-avgust kuni chorak finalda “B” guruhning omadli jamoalari bilan bahs olib boradi.
Yarim final uchrashuvlari 29-avgust, final va bronza medali uchun o‘yinlar 31-avgust kuni o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA