G‘alla maydonlarida aprobatsiya: muhim jarayon
Yuqori Chirchiq tumani “Innovatsiya va texnologiyalarni joriy qilish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati dalasida joylardagi urug‘lik don yetishtirilayotgan g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati hokimligi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda hududlarda faoliyat olib boruvchi fermer va dehqonlar, yuz nafardan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda urug‘lik don yetishtirish borasidagi amaliy ishlar, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish xususida fikr almashildi.
Shuningdek, boshoqli don ekinlari navlarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib ekish, yangi yaratilayotgan va istiqbolli urug‘larni tegishli sinovlardan o‘tkazish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. G‘alla parvarishlashga alohida e’tibor qaratish, o‘z vaqtida zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish lozimligi aytib o‘tildi.

Ma’lumot uchun, viloyatda 2022 yil hosili uchun urug‘lik don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari hamda agroklasterlarning 6169 gektar g‘alla maydonlarini dala aprobatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha 45 ta aprobator jalb qilingan.
Viloyatda jami boshoqli donni 2465 ta qishloq xo‘jaligi sub’ektlari tomonidan o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish uchun 148 ta otryad tashkil qilingan. Shuningdek, o‘rim-yig‘im texnikasi 293 ta, yuk mashinalari 1210 ta hamda traktor tirkamalari soni 110 tani tashkil etadi.
Seminarda mavzu bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi.
A.Musayev, O‘zA