G‘oliblar mamlakat bosqichiga boradi
Andijonda “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijonda “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Savdo sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu tanlov yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lishga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish, navqiron avlod qalbida vatanparvarlik va amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi oldidan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan tanlovning Andijon viloyati bosqichidaPrezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“Eng faol yosh olim”, “Eng faol yosh bank xodimi”, “Eng faol yosh oziq-ovqat sanoati xodimi”, “Eng faol yosh sport murabbiyi”, “Eng faol yosh transportchi”, “Eng faol yosh shifokor” nominatsiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Xo‘jaligimizda Polsha va Avstriyadan keltirilgan naslli qoramollar parvarishlanadi, – deydi tanlovning “Eng faol yosh oziq-ovqat sanoati xodimi” nominatsiyasi g‘olibi, Izboskan tumanidagi “Jonobod chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Daminov. – Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, xo‘jalik qoshida sutni qayta ishlash sexi tashkil etdik. Kuniga 4 tonna sut qayta ishlanib, qadoqlangan sut, smetana, qatiq, qaymoq, tvorog singari o‘nga yaqin turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili xo‘jalikning aylanma mablag‘lari hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Andijon viloyati bo‘limi tomonidan olingan 225 million so‘m kredit hisobiga xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatdik. Bu ishlab chiqarish hajmi va sifatini yanada oshirishga xizmat qildi. Viloyatda birinchi bo‘lib mevali va shokoladli tvorog ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.