G‘oliblar mamlakat bosqichiga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tanlov mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, ishbilarmonlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, tajribasini keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Tanlovning Toshkent shahar bosqichi ham yuqori saviyada tashkil etildi. Sohaga qaratilayotgan doimiy e’tibor va qulay investitsiyaviy muhit samarasida bugungi kunda poytaxtimizda ellik mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, sifatli xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
– Tanlovning Toshkent shahar bosqichida tumanlarda g‘olib bo‘lgan o‘n bittadan tadbirkor va hunarmand ishtirok etdi, – deydi Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdullayev. – Ular yangi ish o‘rinlari yaratishda faollik ko‘rsatgan, eksport va import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqaradigan ilg‘or ishbilarmonlardir.
Tanlovda «Eng yaxshi tadbirkor», «Eng yaxshi hunarmand» nominatsiyalari, shuningdek, «Eng yaxshi yosh tadbirkor», «Eng yaxshi yosh hunarmand», «Eng yaxshi ayol tadbirkor», «Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi», «Yoshlarga eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan tadbirkor», «Eng mas’uliyatli ishtimoiy sherik», «Eng yaxshi eksportchi», «Mening yurtim – mening iftixorim» kabi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Chilonzor tumanidagi «Magnus Industrial Group» xususiy firmasi rahbari Anvar Nodirxonov «Eng yaxshi tadbirkor», Olmazor tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmand Madina Qosimboyeva «Eng yaxshi hunarmand» nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ishtirok etadi.