G‘allazorda ish qizg‘in
Joriy yilda ham g‘alladan mo‘l hosil olishni maqsad qilgan Surxondaryo viloyati fermerlari shu kunlarda maysa parvarishiga alohida e’tibor qaratmoqdalar.
Joriy yilda ham g‘alladan mo‘l hosil olishni maqsad qilgan Surxondaryo viloyati fermerlari shu kunlarda maysa parvarishiga alohida e’tibor qaratmoqdalar.Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar qishloq xo‘jaligini serdaromad tarmoqqa aylantirib, yurtimiz obodligi va aholi farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar berayotir. Fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor mirishkorlarning mo‘l, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishida muhim omil bo‘lmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalar o‘zlashtirilib, shartnoma rejasini ortig‘i bilan uddalayotgan fermerlar munosib rag‘batlantirilmoqda.
Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan ma’lumot berishlaricha, bu yil vohada 3 ming 500 dan ortiq fermer xo‘jaligi 98 ming gektar maydonda “Polavchanka”, “Kroshka”, “Krasnodar – 99”, “Tanya” kabi mahalliy iqlimga mos, serhosil va ertapishar g‘alla maysalarini parvarishlamoqda. Serhosil, zararkunandalarga chidamli “Denov”, “Gurom”, “Bobur”, “Gratsiya” singari istiqbolli yangi navlar sinovdan o‘tkazilayotir.
Mutaxassislarning fikricha, qishning iliq kelgani boshoqli don ekinlarining baravj rivojlanishi, bir tekis o‘sishiga qulay sharoit yaratgan. Maysa parvarishini tajribali dehqonlar maslahati asosida olib borayotgan g‘allakorlar sharbat usulida sug‘orish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Denov tumanida 388 fermer xo‘jaligi 9 ming 904 gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda. Bir tekis rivojlanayotgan maysalarni sharbat usulida sug‘orish, oziqlantirish tajribali g‘allakorlar tavsiyasi asosida amalga oshirilayotir. “Obod yurt ne’matlari” fermer xo‘jaligi dehqonlari erta kuzda 32 gektar maydonga “Krasnodar – 99” navli g‘alla urug‘ini qadagan edi.
– Qish iliq kelib, bahorgi yog‘ingarchilikning nisbatan kam bo‘layotgani sababli chiritilgan mahalliy o‘g‘it bilan ko‘proq oziqlantirish, sharbat usulida sug‘orishga jiddiy yondoshilmoqda, – deydi xo‘jalik rahbari O‘rol Yangiboyev. – Chunki, mahalliy o‘g‘it turli mikroelementlarga boyligi bilan maysalar ildizini mustahkamlab, boshoqning yaxshi rivojlanishiga quvvat beradi, zararli hasharotlarga chidamliligini oshiradi. Yerda namlikni asrashga ko‘maklashadi. Bu yilgi sharoitda tajribada sinovdan o‘tgan ana shu usullarni qo‘llash orqali sifatli, mo‘l don yig‘ishtirib olishni mo‘ljallayapmiz.
Viloyatning barcha tumanlari, ayniqsa, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Angor va Sherobod tumanlarida ham maysalar parvarishi uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.