Futbolchilarimizning ishonchli g‘alabasi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2018-yilgi jahon chempionatining Osiyo qit’asi saralash musobaqalari ikkinchi bosqichi sakkizinchi turida Yaman terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2018-yilgi jahon chempionatining Osiyo qit’asi saralash musobaqalari ikkinchi bosqichi sakkizinchi turida Yaman terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.Uchrashuv boshidanoq tashabbusni o‘z tomoniga og‘dirgan futbolchilarimiz 8-daqiqada hisobni ochdi. Odil Ahmedov oshirgan to‘pni yarim himoyachimiz Aziz Haydarov muvaffaqiyatli yakunladi – 0:1. Terma jamoamiz sardori yuzaga keltirgan yana bir vaziyatdan 31-daqiqada Server Jeparov unumli foydalandi – 0:2. 50-daqiqada Stanislav Andreyev hisobni 0:3 ga yetkazdi.
O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Yaman terma jamoasi futbolchisi Ahmad al-Saroriy hisobni qisqartirishga erishdi – 1:3.
Guruhdagi KXDR va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda 2:0 hisobi qayd etildi.
Shu tariqa terma jamoamiz o‘n besh ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoamiz zaxirasida Filippin va Bahrayn terma jamoalariga qarshi o‘yinlar bor. Guruhda birinchi o‘rinda borayotgan KXDR terma jamoasi hisobida bir uchrashuv qoldi.
Futbolchilarimiz navbatdagi uchrashuvni 2016-yil 24-mart kuni Toshkentda Filippin terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.