Futbol: Yilning eng yaxshilari taqdirlandi
Mamlakatimizda futbol tizimini rivojlantirish yo‘lida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimiz futbolida muammolar yo‘q, barcha yo‘nalishlardagi xato va kamchiliklarga barham berilgan, deb bo‘lmaydi. Biroq, kelajakka teran nazar – yechimini kutayotgan masalalarni bosqichma-bosqich hal etishni ta’minlaydi.
Bu holni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda mamlakat professional futbol ligasi hamkorligida yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tgan "ENG ZOʼR Uz Football Awards-2022» taqdirlash marosimida qatnashgan mutaxassislar va muxlislar ta’kidlashdi.
Tadbir davomida belgilangan nominatsiyalar bo‘yicha yilning eng yaxshilari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, millionlab ishqibozlar mehrini qozongan Birodar Abduraimov – «O‘zbek futboli nuroniysi», qariyb 35 yildan beri Farg‘ona futbol stadionlarida suxandonlik qilib kelayotgan Anvar Oxunov – «Fidoyilik ramzi», yil davomidagi adolatli hakamligi uchun Vadim Agishev hamda Roziyabonu Yusupova – eng yaxshi hakamlar, rasmiy o‘yinlarda birorta qizil kartochka olmagan «Xorazm» futbol klubi «feyr-pley» sovriniga loyiq ko‘rildi.

Joriy yil Saudiya Arabistonida o‘tgan U20 Osiyo chempionati saralash o‘yinlarida Maldiv, Myanma, Saudiya Arabistoni, Xitoy yoshlarini mag‘lub etgan, Yaponiyadagi xalqaro turnirda g‘olib chiqqan, Xitoy, Yaponiya, Urugvay kabi termalarni dog‘da qoldirgan O‘zbekiston U19 terma jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov – «Yilning eng yaxshi yoshlar murabbiyi», «Paxtakor» futbol jamoasi safida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan, superligada 21 o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 5 ta tup kiritgan va 2 ta golga uzatmani amalga oshirgan sirdaryolik Abbosbek Fayzullayev «Yosh yulduz» nominatsiyasi g‘olibi, deya taqdirlandi.
Tadbirda Kuvaytda futzal bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo kubogining bronza medali sohibi, shuningdek, «Jizzax Kenteks» jamoasi bilan mamlakat chempionligi hamda kubogini qo‘lga kiritgan Bahodir Ahmedov – «Eng yaxshi futzal murabbiyi», mamlakat terma jamoasi a’zosi Husniddin Nishonov – «Yilning eng yaxshi futzalchisi» sovriniga sazovor bo‘ldi. Vladislav Xan ayollar Oliy ligasining «Eng yaxshi murabbiyi», Maftuna Shoyimova – «Eng yaxshi ayol futbolchisi», «So‘g‘diyona-W" klubi yetakchisi Diyora Habibullayeva esa ayollar Oliy ligasi to‘p urari sovrinini qabul qilib oldi.
Pro-liganing eng yaxshi murabbiyligiga «Andijon» jamoasi ustozi Viktor Kumikov erishgan bo‘lsa, eng yaxshi futbolchiligiga «Buxoro» klubi a’zosi, mavsumda 23 ta gol bilan to‘p urarlikka erishgan Ro‘zimboy Ahmedov loyiq ko‘rildi.
Kutilganidek 4 yildan buyon «Paxtakor» sharafini himoya qilib kelayotgan Dragan Cheran – «Superliganing eng yaxshi futbolchisi», «Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev – «Superliganing eng yaxshi murabbiyi» deb topilgan bo‘lsa, Osiyo kubogida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston U23 jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze – «2022 yilning eng yaxshi murabbiyi», «Navbahor» klubi yetakchisi Jamshid Iskanderov eng yaxshi futbolchisi sovrinlariga ega chiqdi.
Shuningdek, taqdirlash marosimida boshqa bir qator sovrindorlar nomi, 2022 yilning ramziy terma jamoasi e’lon qilindi.
Yil nominantlarini taqdirlash tadbirlarida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi Abdusalom Azizov, Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va boshqa mutasaddilar, mamlakatimiz futboli rivojiga xizmat qilib kelayotgan faxriylar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA