Futbol xabarlari
Eron klublarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyatini Superliga jamoalarida davom ettirishga yaqin turibdi.
Ma’lum qilinishicha, Oston O‘runov “Andijon” bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan. Jaloliddin Masharipov esa “Paxtakor” variantini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Odil Hamrobekov “sherlar” safiga qo‘shilishi mumkin, ammo futbolchida boshqa takliflar ham mavjud.

Rustam Ashurmatovning “Navbahor”ga o‘tish ehtimoli yuqori bo‘lib, unga OKMK jamoasidan ham qiziqish bor. “Neftchi” esa Igor Sergeyevni o‘z safiga qo‘shib olish arafasida. Futbolchi va klub o‘rtasida kelishuvning yakuniy bosqichi boshlangan. Ma’lumot uchun, Erondagi siyosiy vaziyat sabab ichki chempionat vaqtincha to‘xtatilgan.
***
Angliya kubogining yarim final bosqichiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, "Chelsi" – "Lids Yunayted" va "Manchester Siti" – "Sautgempton" klublari o‘zaro raqobatlashadi. Yarim final bahslari 25 va 26-aprel kunlari "Uembli" stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
***
Angliya premer-ligasining (APL) joriy mavsumidagi eng yuqori maosh oluvchi murabbiylar nomlari va ularning maoshlari miqdori ma’lum bo‘ldi. Hususan, “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola liganing eng yuqori maosh oluvchi murabbiylari ro‘yxatiga boshchilik qilmoqda. Uning oylik daromadi 1,92 million yevroga teng.

Shuningdek, mazkur ro‘yxatning uchligidan “Arsenal” ustozi Mikel Arteta (1,24 million yevro) va “Aston Villa” bosh murabbiyi Unai Emeri (770 ming yevroni) o‘rin olgan.
***
Bugun Pro-liganing 1-turidan o‘rin olgan uchta bahs bo‘lib o‘tadi. Jumladan, Pro-liga debyutantlari "TerDU" va "Lochin" o‘zaro bahs olib boradi. "Jayhun" jamoasi esa "Kattaqo‘rg‘on" klubini mehmon qiladi. Har ikki uchrashuv 16:00 da start oladi. Shuningdek, bugun "G‘azalkent" "BuxDU"ni qabul qiladi. Musobaqaning yana ikkita debyutanti o‘rtasidagi bahs soat 19:30 ga belgilangan.
***
"Santos" hujumchisi Neymar ayol hakam Savio Pereyra Sampayoga nisbatan ishlatgan nojo‘ya gaplari uchun 5 tadan 12 tagacha o‘yinga diskvalifikatsiya olishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, o‘yindan keyin 34 yoshli futbolchi sariq kartochka olganidan norozi bo‘lib, intervyuda hakam haqida yomon gaplar gapirgan. Neymar shuningdek, Sampayoni o‘yinchilarga hurmatsizlikda va maydonda o‘zini asosiy qahramon qilishga urinishda ayblagan. Joriy mavsumda olti o‘yinda Neymar 3 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi.
***
Superliganing yakuniga yetgan 5-turida eng ko‘p tomoshabin tashrif buyurgan o‘yin aniqlandi. Aniqrog‘i, "Xorazm sport majmuasi"da bo‘lib o‘tgan "Xorazm" hamda "Dinamo" jamoalari o‘rtasidagi bahsni bevosita stadiondan 7 ming 650 nafar muxlis kuzatib bordi.
***
BAA chempionatining 21-turidan o‘rin olgan uchrashuvda "Xor Fakkan" o‘z maydonida "Baniyas"ni qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bahsda mehmonlar safida Otabek Shukurov asosiy tarkibda maydonga tushib, 66-daqiqada zaxiraga olindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA