Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika, suzishda ham o‘zgarish bo‘layotgani e’tirof etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘q otish bazasida sharoit yaratilgani uchun ushbu sport turida natija ko‘rinayotgani ta’kidlandi. Yaqinda Osiyo chempionatida o‘q otuvchilarimiz 3 ta oltin, 2 ta kumush medal oldi. Pnevmatikadan otishda Osiyo va jahon rekordini yangiladi.
Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika, suzishda ham o‘zgarish bo‘layotgani e’tirof etildi.
Yoshlar Osiyo o‘yinlarida yengil atletikada ilk bor 9 ta medal, suzishda dastlabki medal (bronza) qo‘lga kiritildi. Velosportchilarimiz Osiyoda kuchli uchtalikdan joy oldi. Sport kurashlarida 25 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatida oltin medalga erishildi.
Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shug‘ullanuvchilar 100 nafarga ham yetmasligi, trampolin va akrobatika bo‘yicha mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotgani, tennis, ot sporti bo‘yicha ham natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Dunyoda tennisga o‘xshash padel tennis, skvosh kabi zamonaviy o‘yinlar yoshlar orasida tez ommalashyapti. Lekin mutasaddilarda xususiy tadbirkorlarni jalb qilish orqali bunday sport turlarini tennis bilan uyg‘un rivojlantirib, yoshlarga qo‘shimcha sharoit yaratish bo‘yicha tashabbuskorlik yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA