Futbol: "So‘g‘diyona”da yana mag‘lubiyat
O‘zbekiston kubogi chorak finalida “Andijon” jamoasi safarda “So‘g‘diyona”ni 1:2 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning keyingi bosqichiga chiqdi. Jizzaxliklar o‘yin davomida tashabbusni qo‘lga olishda qiynaldi va faqat uchrashuv so‘nggida faollik ko‘rsatdi.
O‘zbekiston kubogi chorak finalida Zominda “Andijon”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan “So‘g‘diyona” musobaqani tark etdi. Ammo bu mag‘lubiyatning og‘riqli jihati faqat kubokdan quruq qolishda emas. Jizzax jamoasi hal qiluvchi bahsda tashabbusni o‘z qo‘liga olishga qiynaldi, hujumlarni samarali yakunlay olmadi va faqat hisobda ikki to‘p farq yuzaga kelganidan keyingina bor kuchini ishga soldi. Kubokning shafqatsiz qoidasi esa kech uyg‘ongan jamoaga xatolarini tuzatish uchun ikkinchi imkoniyat bermaydi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq “Andijon” faolroq ko‘rindi. Mehmonlar hujumga o‘tishdan cho‘chimadi, to‘pni nazorat qilishga intildi va raqib himoyasini sinovdan o‘tkazdi. Usmonali Ismonaliyevning ikkinchi daqiqadagi xavfli harakati, Martin Boakening 13-daqiqadagi zarbasi bu bosimning tasodifiy emasligini ko‘rsatdi.
Maydon egalari esa o‘z maydonida o‘ynayotganiga qaramay, dastlabki daqiqalarda raqib harakatlariga javob qaytarish bilan cheklandi. 26-daqiqadayoq o‘yin sur’ati pastligi, hujumlarning zarbagacha yetib bormasligi ko‘zga tashlandi. Birinchi bo‘lim oxiridagi burchak zarbalari mezbonlarning faollashganini ko‘rsatdi, ammo bu ustunlikdan na gol, na raqibni jiddiy sarosimaga soladigan bosim kelib chiqdi.
Savol tug‘iladi: jamoa kubokning hal qiluvchi bahsiga qanday reja bilan tushdi? Agar dastlabki vazifa raqibni jilovlash bo‘lgan bo‘lsa, keyingi bosqichda tashabbusni qo‘lga olish mexanizmi qayerda edi? Ehtiyotkorlikning o‘zi ayb emas. Ammo u hujumkor reja bilan to‘ldirilmasa, raqibga o‘yinni o‘z shartlari asosida olib borish imkonini beradi.

Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar raqibdan ustunlikni tortib olishga qiynaldi. 51-daqiqada andijonlik Xumoyunmirzo Iminovning harakati xavf tug‘dirdi, 55-daqiqada maydon egalari yarim himoyachisi Jamshid Boltaboyevning zarbasi esa noaniq ketdi. Bu vaziyatlar hali hisob ochilmagan paytdayoq har ikki jamoaga imkoniyatlar berilganini ko‘rsatadi.
60-daqiqada burchak zarbasidan keyin Petar Michin to‘pni o‘z darvozasiga yo‘naltirib qo‘ydi – 0:1. Avtogolni faqat futbolchining xatosi deb baholash adolatli bo‘lmaydi: standart vaziyatlarda himoyani tashkil etish, raqiblarni to‘g‘ri nazorat qilish va to‘pga birinchi bo‘lib yetib borish ham jamoaviy mas’uliyatdir.
Ammo goldan keyin “So‘g‘diyona”ning javobi yanada ko‘proq savol tug‘dirdi. Hisobda ortda qolgan jamoa hujumlarini tezlashtirishi, raqib himoyasiga bosimni kuchaytirishi va o‘yin sur’atini o‘zgartirishi kerak edi. Amalda esa hal qiluvchi bosim kech shakllandi.

O‘yinning 79-daqiqasida Rustam Turdimurodovning aniq uzatmasini Martin Boake golga aylantirdi – 0:2. Bu vaziyatda “Andijon” hujumni qanday yakunlash kerakligini ko‘rsatdi: imkoniyatni yaratish, uzatmani o‘z vaqtida berish va vaziyatdan foydalanish. “So‘g‘diyona” esa raqibning ikkinchi golidan keyingina jiddiyroq tavakkal qilishga majbur bo‘ldi.
84-daqiqada Sardorbek Jamolov hisobni 1:2 ko‘rinishiga keltirdi. O‘yinga intriga qaytdi, ammo bu gol mezbonlar avvalroq ko‘rsatishi lozim bo‘lgan faollikni qanchalik kech namoyon etganini ham ko‘rsatib qo‘ydi. 90+1-daqiqada Islomjon Qobilovning goli ofsayd sabab hisobga olinmadi. Bosh hakam Firdavs Norsafarov VAR monitorida vaziyatni qayta ko‘rib chiqib, dastlabki qarorini o‘zgartirmadi.
Albatta, bu qaror bahsning so‘nggi dramatik nuqtasi bo‘ldi. Biroq “So‘g‘diyona”ning mag‘lubiyatini hakamlik qaroriga bog‘lab qo‘yish haqiqiy muammolarni chetlab o‘tish bo‘lardi. Jamoa o‘yinning katta qismida gol urish uchun zarur bo‘lgan barqaror bosim va hujumdagi aniqlikni ko‘rsata olmadi.
Uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev futbolchilarining harakatlarini ijobiy baholadi. “Agar biz birinchi golni urganimizda, balki bizga o‘ynash osonroq bo‘lardi”, — dedi u.

Bu fikrda haqiqat bor: birinchi gol jamoaga ruhiy ustunlik beradi. Lekin murabbiylik tahlili “birinchi bo‘lib gol urganimizda...” degan taxmin bilan tugamasligi kerak. Nega jamoa o‘z imkoniyatlarini golga aylantira olmadi? Nima uchun hujumlar ko‘p hollarda yakuniy zarbagacha yetib bormadi? Hisobda ortda qolgach, o‘yinning borishini isloh qilish uchun qanday samarali taktik yechimlar ishga solindi?
Baqoyevning ta’kidlashicha, “So‘g‘diyona” rejalashtirilgan ishlarning ko‘pchiligini amalga oshirgan. Ammo tablodagi 1:2 hisob va o‘yinning asosiy manzarasi bu baho bilan to‘liq uyg‘unlashmaydi. Reja ishlagan bo‘lsa, uning natijasi qayerda ko‘rindi? Raqibning bosimiga qarshi turish mumkin, ammo faqat himoyalanish bilan kubokdagi maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Lyupcho Doriyevning raqib tomonidan ikki-uch futbolchi bilan nazorat qilingani ham murabbiy uchun jiddiy taktik vazifa edi. Bunday vaziyatda boshqa hujumchilarga bo‘sh hudud ochish, qanotlar orqali bosimni kuchaytirish va hujum yo‘nalishini o‘zgartirish zarur. Asosiy futbolchiga raqibning bir necha himoyachisi jalb etilsa, bu boshqalar uchun imkoniyat yaratishi kerak. Aks holda, raqibning taktik qarori o‘z samarasini beradi, jamoa esa unga munosib javob topa olmaydi.
“Andijon” bosh murabbiyi Islom Ahmedov jamoasining ruhiy jihatdan qiyin davrni boshdan kechirganini tan oldi. U futbolchilarning o‘ziga ishonchini tiklash oson bo‘lmaganini, biroq jamoa o‘z o‘yin uslubidan chekinmaganini ta’kidladi. “Natija uchun biz javobgarmiz”, degan fikri esa murabbiylik mas’uliyatini tan olishdir.

Mehmonlar ham muammolardan xoli emas. Islom Ahmedov chap qanot himoyasida ixtisoslashgan futbolchi yetishmayotganini qayd etdi. Shunga qaramay, “Andijon” mavjud imkoniyatlaridan unumli foydalandi, ikkinchi golda esa Turdimurodov va Boake hamkorligi hujumni samarali yakunlash namunasini ko‘rsatdi.
Farq aynan shunda: bir jamoa muammolariga qaramay natijaga erishdi, ikkinchisi esa o‘z kamchiliklarini bartaraf etishga ulgurmadi.
“So‘g‘diyona” uchun bu mag‘lubiyatni omadsizlik bilan izohlash oson. Ammo bunday yondashuv jamoani oldinga siljitmaydi. Tashabbusning boy berilishi, hujumlardagi samarasizlik, standart vaziyatdagi xatolar va o‘yin taqdirini o‘zgartirishga qaratilgan kechikkan harakatlar jiddiy tahlilni talab qiladi.
Endi mas’uliyat bosh murabbiy, uning shtabi va klub rahbariyati zimmasida. Futbolchilarning ruhiy holatini tiklash, taktik kamchiliklarni bartaraf etish, jamoa ichidagi ishonchni mustahkamlash va rag‘batlantirish tizimini samarali tashkil qilish muhim. Biroq moddiy rag‘batlantirishning o‘zi yechim emas: natijaga professional tayyorgarlik, aniq talab va maydondagi mas’uliyat orqali erishiladi.

“So‘g‘diyona” kubokdan chiqdi. Endi oldida Superligadagi kurash turibdi. Agar mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarilmasa, bugungi muammolar ertaga yanada qimmatga tushishi mumkin.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri