Futbol: jizzaxliklar 29-yil kutgan g‘alaba
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati super ligasida bugun Namanganda “Navbahor” va Termizning “Surxon” hamda Toshkentda “Olimpik” va Farg‘onaning “Neftchi” jamoalari o‘rtasidagi bahslar bilan 4-tur uchrashuvlariga yakun yasaladi.
Kuni kecha ushbu tur doirasida O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Paxtakor” Toshkentda Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qildi.
Ushbu jamoalarning mamlakat chempionatidagi rasmiy o‘yinlariga nazar tashlasak, jamoalar 56 marta uchrashgan, shulardan 43 tasi “Paxtakor”ning, 6 tasi “So‘g‘diyona”ning g‘alabasi bilan yakunlangan, 7 uchrashuvda tomonlar durangga imzo chekkan.

“So‘g‘diyona” futbolchilari Toshkentdan bor-yo‘g‘i 1 marotaba, 1995-yilda g‘alaba bilan uylariga qaytgan ekan...
Bu safargi bahs ham kutilganidek, poytaxt futbolchilarining hujumlari bilan boshlandi. Maydon egalarining ushbu bosimi o‘yinning 10-daqiqasidayoq o‘z samarasini berdi. “Paxtakor” futbolchisi Doniyor Abdumannopov jizzaxliklar darvozasini ajoyib zarbasi bilan ishg‘ol etib, hisobni ochdi – 1:0.

O‘tkazib yuborilgan golgacha himoyaviy futbol namoyish etayotgan mehmonlar, o‘yin taktikasini o‘zgartirib, ochiq va hujumkor futbol namoyish etishni boshladi. Bu o‘yinning 23-daqiqasida o‘z natijasini ko‘rsatdi. Jizzaxlik futbolchilar Oleg Zoteev, Vladimir Yovovich hamda Abdurahmonovlar kombinatsiyasi chiroyli gol bilan yakuniga yetdi. Javob goli muallifi “So‘g‘diyona” futbolchisi Shohruh Abdurahmonov bo‘ldi – 1:1.

Mehmonlardan bunday o‘yinni kutmagan “Paxtakorchilar” darhol hujumga tashlandi va ana shunday hujumlardan birida, uchrashuvning 33-daqiqasida maydon egalari sardori, serbiyalik legioner Dragan Cheran to‘pni “So‘g‘diyona”ning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyevga oldirib qo‘ydi. Lyupcho maydon egalarining ikki himoyachisini aldab o‘tib, to‘pni boshqa bir legioner jamoadoshi Yovovichga uzatdi. Vladimir o‘z navbatida mohirona uzatma bilan Abdurahmonovni golli vaziyatga olib chiqdi va Shohruxning aniq zarbasidan so‘ng 2-gol ham uning nomiga yozib qo‘yildi – 1:2.
Tanaffusga mag‘lubiyat bilan chiqib ketishni istamagan Maksim Shatskix shogirdlari, mehmonlar darvozasi oldida kuchli bosimni yuzaga keltirdi. Uchrashuvning birinchi bo‘limiga hakam tomonidan qo‘shib berilgan 45+2-daqiqada burchakdan uzatilgan to‘p “Paxtakor” yarim himoyachisi Diyor Xolmatovga kelib tushdi va uning olisdan bergan ajoyib zarbasini “So‘g‘diyona”ning tajribali legioner posboni Milan Mitrovich qaytara olmadi – 2:2.

Ikkinchi bo‘lim kutilmaganda mehmonlar, ya’ni Ivan Boshkovich shogirdlarining keskin hujumlari bilan boshlandi. Ana shunday hujumlardan birida Lyupche Doriyevga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Ushbu qo‘pollikni VAR orqali tekshirgan uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayev o‘yinning 57-daqiqasida “Paxtakor” darvozasi tomon penalti belgiladi. “So‘g‘diyona” to‘purari Shohrux Abdurahmonovning 11 metrlik belgidan tepgan to‘pini toshkentliklarning belaruslik legioner darvozaboni Pavlel Pavlichenko qaytarishning uddasidan chiqdi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Shohrux, to‘pni darvozaga qayta yo‘llab, shu o‘yinning o‘zida 3-golini kiritdi va “xet-tirik” muallifiga aylandi hamda jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi – 2:3.
Qolgan daqiqalarda gol kiritish uchun har ikki jamoada bir qator imkoniyatlar bo‘ldi, ammo darvozalarni ishg‘ol etish na mezbonlarga, na mehmonlarga boshqa nasib etmadi.
Shunday qilib, “So‘g‘diyona” oradan 29-yil o‘tib, Toshkentdan ikkinchi bor “Paxtakor”dek grant jamoani mag‘lubiyatga uchratgan holda, g‘alaba bilan Jizzaxga qaytdi. Darvoqe, “So‘g‘diyona” ushbu mavsumda o‘zining birinchi g‘alabasini nishonladi.Shu turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayt etildi:
“Dinamo” (Samarqand) – “Metallurg” (Bekobod) – 2:1, “Qizilqum” (Navoiy) – “Lokomotiv” (Toshkent) – 0:0, OKMK (Olmaliq) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 1:0, “Andijon” (Andijon) – “Nasaf” (Qarshi) – 1:1.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri