Furqat tumaniga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Furqat tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.
Asronqulov Elyorbek Madaminovich nomzodi Furqat tumani deputatlari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi va u tuman hokimi etib tasdiqlandi.
Elyorbek Asronqulov 1985 yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini iqtisodchi mutaxassisligi bilan tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2011 yilda Pensiya jamg‘armasi Bag‘dod tumani bo‘limi inspektori vazifasida boshlagan. Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019-2020 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Ijro etuvchi apparatida faoliyat olib borgan. 2020-2023 yillarda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
2023 yil 20 avgustdan buyon Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri