Fuqaro foydasiga hal etildi
Sardoba tumanida uy-joy bilan bog‘liq mulkiy nizo fuqaro G.X. foydasiga hal etildi. Adliya bo‘limi ko‘magida sudga kiritilgan da’vo natijasida 2025-yil 2-mayda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimi haqiqiy emas deb topildi.
Fuqaro G.X. ushbu masalada amaliy yordam so‘rab, Sardoba tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda Sardoba tumani «Do‘stlik» mahallasidagi uy-joy 2025-yil may oyida B.X. tomonidan A.S.ga sotilgani aniqlandi.
O‘rganish jarayonida mazkur uy-joyga bo‘lgan huquq yuzasidan avval ham sud nizosi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki sud hujjatlari Oliy sudning 2026-yil 16-fevraldagi tegishli qarori bilan bekor qilingan, B.Xolmurodovaning talabi esa qanoatlantirilmagan.
Shundan so‘ng adliya bo‘limi fuqaro G.X. manfaatlarini ko‘zlab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Sud ishni ko‘rib chiqib, da’voni qanoatlantirdi. Natijada fuqaroning uy-joy bilan bog‘liq mulkiy huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri