Fransuz aktyorlari Oʻzbekistonda
Shu kunlarda fransiyalik bir guruh teatr aktyorlari Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Bu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona aloqalar namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Shu kunlarda fransiyalik bir guruh teatr aktyorlari Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Bu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona aloqalar namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Tashrif doirasida “Jʼai mange du Jacques” musiqali spektaklining namoyishi boʻlib oʻtdi.
Spektaklda tomoshabinlar olis tarixga borib tutashuvchi fransuz teatrining oʻziga xos namoyishi, urf-odatlari, anʼanalari hamda Yevropa jonli sanʼat turining jozibasidan bahramand boʻldi. Teatr muxlislari fransiyalik sanʼatkorlar bilan samimiy suhbatlashdi.
“Jʼai mange du Jacques” musiqiy tomoshasi Fransiyada juda mashhur sanaladi. Dinamik duet, taniqli musiqiy kompozitsiyalardan tashkil topgan oʻziga xos ijro bir nechta musiqiy asboblarning joʻrligi va hazil-mutoyiba aralashuvi bilan tomoshabinlar eʼtiborini qozonib keladi.
Fransuz teatr aktyorlari Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi talabalari uchun mahorat darslari oʻtishi koʻzda tutilgan.