Fransiyada umummilliy lokdaun joriy qilinmoqda
Fransiyaning 19 ta departamentida amal qilinayotgan karantin cheklovlari shanba kunidan boshlab butun mamlakatga joriy qilinadi, dedi prezident Emmanuel Makron Fransiya xalqiga qilgan telemurojaatida.
Ushbu choralar to‘rt hafta amalda bo‘ladi.
"Maktab jadvali bolalarni yolg‘iz qoldirmaslik uchun moslashtiriladi. Aniqroq qilib aytganda, kelasi haftadan boshlab maktab mashg‘ulotlari uyda o‘tadi", — qo‘shimcha qildi Fransiya prezidenti.
Uning aniqlik kiritishicha, 12 apreldan boshlab bahorgi ikki haftalik ta’til boshlanadi. Shundan keyin bolalar maktab va bolalar bog‘chasiga qaytishi mumkin. Kollej va litsey talabalari o‘qishni masofadan turib davom ettiradi va 3 mayda sinfxonalarga qaytadi.
Fransiyada o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon kafe, restoran, bar, muzey, teatr va kinoteatrlar ishlamayapti.
So‘nggi bir necha hafta mobaynida mamlakatda epidemiologik vaziyat yana yomonlashib ketdi, koronavirus bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda, kasalxonalarda bemorlarga joy yetmayapti.
Epidemiya boshlangandan buyon Fransiyada 4,5 million kishi koronavirusga chalindi, 95 ming fuqaro COVID-19 qurboniga aylandi.