Fransiyada ta’lim tizimidagi muammolar ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi
Fransiyada o‘qituvchilar yetishmovchiligi va maktab binolarining yaroqsiz ahvoliga qarshi boshlangan talabalar hamda o‘quvchilarning norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib ketdi. Natijada mamlakat bo‘ylab 400 dan ortiq maktab va ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Mamlakat ichki ishlar va adliya organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar maktablarga o‘t qo‘yish, jamoat transporti va avtomashinalarni yoqish hamda politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir etgan.
Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jeffrey maktablar yopilishini tasdiqlagan bo‘lsa, Adliya vaziri Jerald Darmanen namoyishlar allaqachon oddiy e’tirozdan jamoat tartibini buzish jinoyatiga aylanganini ta’kidladi. Tartibsizliklar boshlanganidan beri 2 mingga yaqin kishi qo‘lga olingan.
Jeffreyning qo‘shimcha qilishicha, zo‘ravonliklarda faol qatnashayotgan guruhlarning hammasi ham maktab o‘quvchilari emas.
Ushbu to‘polonlar ortida so‘l qanot siyosatchilari va “Itoatsiz Fransiya” (LFI) harakati turganligi haqida xabarlar tarqaldi, ammo partiya vakillari bu ayblovlarni rad etmoqda.
Tartibsizliklar qo‘shni Belgiyaga ham ta’sir o‘tkazib, Lej shahridagi ayrim o‘quvchilar e’tirozlarga qo‘shilgach, mahalliy hokimiyat juma kuni shahardagi maktablarni yopish bo‘yicha choralar ko‘rishini ma’lum qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA