Fransiyada Prezident saylovi yakunlandi
Fransiyaning amaldagi Prezidenti Emmanuel Makron saylovning ikkinchi bosqichida 58,55 foiz ovoz oldi, deb ma’lum qildi mamlakat ichki ishlar vazirligi yuz foiz ovozni hisoblab chiqqandan keyin.
Makronning raqibi, “Milliy birlashuv” o‘ta o‘ngchilar partiyasi yetakchisi Marin Le Pen 41,45 foiz ovoz bilan kifoyalangan. U o‘zining mag‘lubiyatini tan olgani aytilmoqda, lekin fransuzlar oldidagi majburiyatini bajarishda davom etishga va’da bergan. Le Penning bayonot berishicha, uning partiyasi endi parlament saylovi uchun katta kurashni boshlaydi.
Ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da nihoyasiga yetgan. Saylovda ovoz beruvchilarning 63,23 foizi ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi.
Fransiya Prezidenti 5 yillik muddatga saylanadi. Ovoz berishda mamlakatning 49 million fuqarosi ishtirok etish huquqiga ega. Saylovning birinchi bosqichi 10 aprelda bo‘lib o‘tgan edi, unda 12 nomzod ishtirok etgan. O‘shanda davlatning amaldagi rahbari 27,84 foiz, Le Pen esa 23,15 foiz ovoz olgan edi.
Fransiya Konstitutsiya sudi raisi saylov yakunlarini rasman 27 aprelda e’lon qiladi.